Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy 22 yanvar, yakshanba kuni O‘zbekistonni Kobul va Toshkent o‘rtasida imzolangan shartnomada ko‘rsatilgan miqdorda elektr energiyasini yetkazib berishga chaqirdi, deb yozmoqda TOLOnews.

Muttaqiy qishning sovuq kunlarida O‘zbekiston elektr ta’minotini to‘xtatganini tanqid qildi.

«Ular Da Afghanistan Breshna Sherkat`ga bizga 400 megavattdan ortiq energiya yetkazib berishni va’da qilgan. Mamlakat bu va’dalariga sodiq qolishi kerak. Ular hozir elektr ta’minotini uzib qo‘ygan, xalq esa muammolarga duch kelmoqda», — deydi u.

Kobul aholisi kuchli sovuqda so‘nggi bir necha haftada davom etayotgan elektr ta’minotidagi uzilishlardan xavotirda ekanini bildirgan. Aholining so‘zlariga ko‘ra, elektr energiyasi 24 soat ichida bir soat atrofida berilmoqda.

«Kechasi yarim soat elektr energiyasi beriladi. Biz ko‘plab muammolarga duch kelyapmiz», — deydi aholi vakili.

Hozirda Breshna Sherkat mamlakatda elektr quvvati taqchilligini bartaraf etish bo‘yicha sa’y-harakatlar olib borilayotganini ma’lum qilgan. «Biz bu muammolarni imkon qadar hal qilish uchun kechayu kunduz harakat qilyamiz», — dedi Kobul energetika va suv boshqarmasi boshlig‘i Hikmatulla Oxundzoda.

Afg‘oniston elektr energiyasini O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston va Erondan import qiladi. O‘zbekistondan import qilinadigan elektr Kobul, shuningdek, Parvon, Kapisa, Panjsher, Nangarhor, Lag‘mon, Logar, Paktiy, Xost, Maydon Vardak, G‘azni va Bag‘lon hududlarini elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi ikki hafta ichida Afg‘onistonda 100 dan ortiq odam kuchli sovuq havo va zaharlanishlardan vafot etgan, Tabiiy ofatlarni nazorat qilish bo‘yicha davlat vazirligi o‘limlar 15 viloyatda qayd etilganini ma’lum qilgan.

«Turli viloyatlarda kamida 104 kishi halok bo‘ldi. Kamida 50 ta uy vayron bo‘lgan yoki zararlangan», — deydi vazirlik vakili Shafay Rahimiy.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatning energiya tarqatuvchisi bo‘lgan Da Afghanistan Breshna Sherkat 15 yanvar, yakshanba kuni O‘zbekistondan import qilinadigan elektr energiyasi texnik muammolar tufayli uzilganini bildirgandi.