20 yanvar kuni Toshkent viloyati Zangiota tumanida 3 ta issiqxona 5000 ta xonadonning bir kunlik iste’moliga teng miqdordagi tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Xususan, Turkiston hududi «Turopobod» mahallasida fuqaro Z.A.ga qarashli issiqxonada 1 dona nostandart (qo‘lbola) isitish qozoni gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelingan. Oqibatda 32,8 mln so‘m (32,8 ming metr kub) miqdorida zarar yetkazilgan.

Shuningdek, Chig‘atoy oqtepa hududi «Bo‘ston» mahallasida fuqaro I.F. issiqxonalarda 2 dona nostandart (qo‘lbola) isitish qozonini gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgani ma’lum bo‘lgan. Oqibatda 54,8 mln so‘m (54,8 ming metr kub) zarar miqdori aniqlangan.

«Mazkur issiqxonalar tomonidan yetkazilgan umumiy zarar miqdori 87,6 mln so‘mni (87,6 ming metr kub) tashkil etdi. Bu o‘rtacha 5000 ta xonadonning bir kunlik tabiiy gaz iste’molini tashkil qiladi», — deyiladi xabarda.

Aniqlangan noqonuniy holatlar bo‘yicha rasmiylashtirilgan hujjatlar chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborish uchun tayyorlanmoqda.