Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining sobiq deputati Rasul Kusherbayevni lavozimga tayinlash takliflari tarqaldi. Payshanba kuni YouTube orqali jonli efirda uning o‘zi bu takliflarga izoh berdi.

«To‘g‘risi, men ertalab tursam, shunaqa gaplar tarqalib ketibdi ikki kun oldin. O‘zim ham hayron bo‘ldim. Bu odamlarning xohishi bo‘lishi mumkin, lekin aniqki, rahbariyatning emas. Men shunday deb o‘ylayapman. Rahbariyat, menimcha, buni xohlamaydi. Chunki, yoqadimi, yo‘qmi, hokimiyatlarga, hokimlarga bo‘ladigan qonuniy topshiriqdan ko‘ra noqonuniy topshiriqlar juda ham ko‘p. Va hokimlar o‘zlari istagan-istamagan holda noqonuniy topshiriqlarni ham bajarishga majbur bo‘lishadi», — dedi u.

Sobiq deputat 2022 yilda Samarqanda bo‘lib o‘tgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitiga ko‘rilgan tayyorgarlikni misol qilib keltirdi.

«Ular Samarqandga temir yo‘l bo‘yi bilan borishadi, deb temir yo‘l bo‘yidagi ko‘p joylarni buzdirib tashlashdi. Hukumat topshiriq beryapti protokol bilan 10−15 kun muddatda buzdirasan, deb. Vaholanki, qonun bo‘yicha va Hukumatning o‘zining 467-sonli qarori bo‘yicha, qurilmani aniqlab, to sud orqali buzdirishgacha bir, bir yarim oy vaqt ketadi. Bu — qonuniy yo‘li. Bular 15 kun vaqt beryapti», — dedi Rasul Kusherbayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahar hokimi (Rasul Kusherbayev shu tumandan deputat etib saylangan) qonunga qaramay, hukumat ko‘rsatmasiga ishora qilib, hamma narsani buzib tashlagan.

«Hokim qonunni buzdi, lekin unga kelganda prokuror ham, hammasi ko‘zini yumib turdi. Nimaga deganda u hukumatning topshirig‘ini bajardi, deb. Demak, hokim bo‘lib ishlagandan keyin noqonuniy ishlarni qilishga to‘g‘ri keladi. Va hozirgi sharoitda har qanday iqtidorli, bilimli odamni ham bunaqa ishlar sindirib qo‘yishi mumkin», — deya ta’kidladi u.

Sobiq deputatning fikricha, «rahbariyat» va «ko‘rsatma beruvchilar» uning tayinlanishidan manfaatdor emas, chunki: «ularning noqonuniy topshiriqlari ko‘p, men ularni hech qachon bajarmayman».

«Hozir rahbariyatning menga ko‘zi ham uchib turgani yo‘q. Odamlar xohlagani bilan va bizda har doim ham odamlarning xohishi bilan hamma ishlar bo‘laveradi, degani emas, xafa bo‘lmanglar», — dedi u.

Rasul Kusherbayevning fikricha, prezidentni, deputatlarni adashmay saylay olayotgan odamlar hokimni ham saylash olish qo‘lidan keladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev iste’foga chiqishini ma’lum qilgan edi. ««Quruq gap, yolg‘on «svodka» bilan pastga tushmagani uchun kechasi shtabda ishdan oldim», — dedi davlat rahbari.

O‘tgan yil oxirida Qonunchilik palatasi vitse-spikeri Ulug‘bek Inoyatov 2023 yilgi Davlat budjeti muhokamasi chog‘ida unga so‘z bermagani uchun Rasul Kusherbayev deputatlik faoliyatini to‘xtatishga qaror qilgan edi. «Bunday ishlay olmas ekanman, bunga majbur bo‘lganimdan afsusdaman», dedi u.