Prezident “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni qabul qildi. Hujjat matni O‘zA saytida keltirildi.

Unga ko‘ra, aholi orasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga doir 2023−2027 yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Qayd etilishicha, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasi tomonidan 2030 yilga borib OIV epidemiyasiga barham berish uchun “95−95−95” strategiyasi ilgari surilgan. Unda OIV yuqtirib olgan shaxslarning 95 foizi o‘z maqomini bilishi, maxsus davolash kurslari bilan qamrab olinishi, 95 foizining qonida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushishi kerakligi rejalashtirilgan.

Bu strategiyani amalga oshirish uchun 2023−2027 yillarda Davlat budjeti mablag‘lari, OITS, sil va bezgakka qarshi kurashish bo‘yicha Global jamg‘arma mablag‘lari, Osiyo taraqqiyot banki hamda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining qarz mablag‘lari hisobidan 120 milliard so‘m va 54 million dollar mablag‘lar yo‘naltiriladi.

Pullar aholi o‘rtasida OIV infeksiyasini erta aniqlash, tashxislash va davolash sifatini oshirish maqsadida test-tizimlari va retrovirusga qarshi vositalarni xarid qilish, OITSga qarshi kurash markazlari va ularning tumanlararo diagnostika laboratoriyalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, keng targ‘ibot ishlarini o‘tkazish, shuningdek, boshqa tashkiliy tadbirlar uchun sarflanadi.

2027 yilda OIV infeksiyasini yuqtirib olgan hamda o‘z maqomini bilgan, maxsus davolash kurslari bilan qamrab olingan va qonida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushgan shaxslar ko‘rsatkichi 95 foizga yetkazilishi kerak. Shu vaqtga kelib, OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishiga barham berilishi ham ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, SSV Adliya vazirligi bilan birgalikda 2023 yil 1 iyunga qadar Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida, 2023 yil yakuniga qadar esa boshqa hududlarda “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiya platformasi orqali FHDYO organlari va tegishli tibbiyot muassasalari o‘rtasida elektron hamkorlikni tashkil qiladi.

2023 yil yakuniga qadar OIV infeksiyasi aniqlangan holatlar monitoringini ta’minlash, real vaqt rejimida preparatlar va diagnostikumlarning harakatlanishini kuzatib borish imkonini beruvchi elektron axborot tizimi yaratilib, tizimni Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasining elektron bazalari bilan integratsiya qilish orqali o‘zaro axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.

O‘zbekiston va jahondagi vaziyat

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab taxminan 38,5 million bemor OIV bilan kasallangan. Ularning yillik o‘sishi 1,5 mln kishini tashkil etmoqda. Ushbu kasallikdan har yili 600 000 dan ortiq odam vafot etmoqda. 2022 yil iyul oyi oxiridagi hisob-kitoblarga ko‘ra, OIV sabab 40 milliondan ortiq odam vafot etgan.

O‘zbekistonda OIV infeksiyasining birinchi holati 1987 yilda qayd etilgan. Shu paytdan boshlab 2022 yilning 1 yanvarigacha 71 mingga yaqin holat qayd etilgan, OIV infeksiyasi bilan kasallanib o‘lganlar soni 23 mingga yaqinni tashkil etgan.

2022 yil dekabr holatida O‘zbekistonda 45 mingga yaqin OIV infeksiyasi bilan kasallangan odam yashayotgani, ularning 55 foizi erkaklar va 45 foizi ayollar ekani ma’lum qilingandi. Butun dunyoda bo‘lgani kabi virus ko‘proq jinsiy yo‘l bilan yuqadi — 2021 yilda infeksiyaning bu tarzda yuqish ko‘rsatkichi 74,3% ni tashkil etgan. OIV infeksiyasining in’eksiya yo‘li bilan yuqishi 15,4 foizgacha kamaygan (ilgari 76,6 foiz bo‘lgan).

Infeksiyalanganlarning asosiy yoshi 30−49 ni tashkil etadi, bu 51% dan ortiq degani. Ro‘yxatga olinganlarning 70% dan ortig‘i antiretrovirus terapiyasida.

Kasallikning onadan bolaga yuqish darajasi 2021 yilda 0,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2013 yilda bu ko‘rsatkich 2,3 foiz bo‘lgan. 2011 yildan 2021 yilgacha 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida kasallanish 3 baravardan ko‘proqqa kamaygan.