Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida 18 yanvar chillasi chiqmagan kelin-kuyov gazdan zaharlanib vafot etdi, deya post qoldirdi huquq faoli Abdurahmon Tashanov o‘zining Facebook`dagi sahifasida.

Uning ma’lum qilishicha, Oltinsoy qishlog‘ida yarim tunda gaz tarmoqdan uzilgan va qayta yoqilgan. Olov o‘chgach, sizgan gaz tufayli uyqudagi kelin-kuyov zaharlangan. Ular ertalab xonadonida o‘lik holda topilgan.

«Tuman gaz idorasi aza boshlanmasidan xonadon egalarini texnika xavfsizligiga rioya qilmaslikda ayblab, dalolatnoma to‘ldirib ketishdi. O‘lganlar da’vo qilolmaydi: hech kim gazni nega bemahal uzding, nega ogohlantirishsiz yoqding, deyolmaydi… O‘sha kuni qishloqqa hokim kelgan ekan. Gazchilar bu vallomatga yaxshi ko‘rinish uchun gazni balandlatib, masxarabozlik qilishgan. Kechasi chegirib qolamiz, deganmi, bilmayman. Odamlar o‘lishi uchun urush bo‘lishi shart emas», — deb yozadi Tashanov.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov «Gazeta.uz»ga holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Samarqand prokuraturasining aytishi bo‘yicha voqea 4 kun oldin bo‘lgan ekan. Ota-onasi ko‘mib yuborgan va huquqni muhofaza qilish organlariga bu haqda xabar berilmagan. Hozirda prokuratura shu masala bilan shug‘ullanyapti, deyiladi munosabatda.