Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev 20 yanvar kuni mamlakat poytaxtidagi klinikalardan biriga yotqizilgani haqida «Xabar 24» sobiq direktori Aleksandr Aksyutits Facebook`dagi sahifasida post qoldirdi. Oradan biroz vaqt o‘tib, Nazarboyevning matbuot kotibi Aydos Ukibay ushbu ma’lumotni tasdiqladi va sobiq prezident yuragi operatsiya qilinganini bildirdi.

«Operatsiya muvaffaqiyatli yakunlandi. Birinchi prezidentning hayotiga hech qanday tahdid yo‘q. Hozir u kuzatuv ostida. Operatsiya Milliy ilmiy kardiojarrohlik markazida mashhur kardiojarroh Yuriy Pya rahbarligida o‘tkazildi», — deyiladi xabarda.


нuрсuлтон назарбоев

Foto: Twitter / @Aidos_Ukibay

«Tezkor. Mening manbalarim Nursulton Nazarboyevning Ostonadagi shifoxonalardan biriga yotqizilgani haqida xabar berdi. Uning yuragi kompleks tekshiruvdan o‘takaziladi. Tibbiyot xodimlari uning operatsiya qilinishi mumkinligini aytmoqda», — deb yozgandi Aksyutits.

нuрсuлтон назарбоев

Foto: Facebook / Aleksandr Aksyutits

Mamlakatning 82 yoshli sobiq rahbari 2019 yilning mart oyida prezidentlik vakolatini topshirgani to‘g‘risida e’lon bergan. 20 martdan prezidentlik vakolatini to‘xtatish to‘g‘risidagi farmonni Nursulton Nazarboyev jonli efirda imzolagan. Qozog‘iston prezidenti vazifasini vaqtincha bajarishni Qasim-Jomart Tokayev o‘z zimmasiga olishi ma’lum qilingan.

Bundan bir yil avval — 2022 yil 18 yanvarda Nazarboyev mamlakatdagi fojiali voqealardan so‘ng birinchi marta bayonot bilan chiqqandi. U 2019 yildan beri nafaqada ekani va hech qayerga ketmaganini ta’kidlagan. Qasim-Jomart Tokayev «barcha hokimiyatga egaligi», «elitada hech qanday ziddiyat yoki qarama-qarshilik yo‘qligi»ni aytgan.