19 yanvar, payshanba kuni Fransiyaning Parij va boshqa 200 ga yaqin shahrida pensiya yoshini oshirishga qarshi ommaviy mitinglar bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi BBC. Mitingni yetakchi hisoblanuvchi sakkizta fransuz kasaba uyushmasi tashkil qildi.

Fransiya Ichki ishlar vazirligi mamlakat bo‘ylab 1,12 mln kishi namoyishga chiqqanini ma’lum qildi. Birgina Parij ko‘chalarida 80 ming namoyishchi to‘plandi. Kasaba uyushmalari ushbu ko‘rsatkich bundan ham ko‘proq ekanini bildirdi.

Namoyishlar Nant, Lion, Bordo, Marsel va Tuluza shaharlarida ham bo‘lib, u yerda poyezd mashinistlari, davlat sektori xodimlari va neftni qayta ishlash zavodlari ishchilari o‘z ishlarini tark etdi.

Avvalroq — 10 yanvar kuni mamlakat bosh vaziri Elizabet Born 2023 yilda joriy etilishi rejalashtirilayotgan pensiya islohoti loyihasini taqdim etgandi. 1 sentabrdan boshlab rasmiylar mamlakatda pensiya yoshini har yili uch oyga oshirish niyatida. Shunday qilib, 2030 yilga kelib, ko‘rsatkich 62 yoshdan 64 yoshgacha yetishi mumkin.

Bu Fransiyada prezident Fransua Mitteran 1982 yilda pensiya yoshini 60 yoshga tushirganidan beri amalga oshirilgan yettinchi pensiya islohoti bo‘ladi. Kasaba uyushmalari yana bir norozilik kunini 31 yanvarga belgiladi.