Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, Mingbuloq tumani hokimi haydovchisi boshqaruv vaqtida qo‘l telefonidan foydalangani aks etgan surat yuzasidan munosabat bildirdi.

Holat Namangan viloyati YHXB xodimlari tomonidan o‘rganildi. 50 212 NAA davlat raqam belgili Trailblazer haydovchisiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128−1 moddasi (Transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarning telefondan foydalanishi) 1-qismi tartibida bayonnoma rasmiylashtirildi. Haydovchi jarimani to‘ladi.

«Ushbu avtomobil 2020 yil 11 dekabr kuni Art soft holding MCHJ nomiga rasmiylashtirilib, belgilangan tartibda ruyxatdan o‘tkazilganini va hozirda amaldaligini ma’lum qilamiz», — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, yuqorida ko‘rsatilgan moddada telefondan quloqchinlar orqali va qo‘llarni ishlatmasdan turib so‘zlashuvlar olib borish imkoniyatini beradigan boshqa uskunalar orqali foydalanish jarimaga asos bo‘lmasligi keltirilgan. Qoidabuzarlik uchun esa bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari (BHM ayni vaqtda 300 ming so‘mni tashkil etadi) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.