Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar organlari xodimi fuqaroga kuch ishlatayotgani tasvirlangan videolavha yuzasidan bayonot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 19 yanvar kuni Asaka tumanida joylashgan Evro Metan avtomobillarga gaz quyish shoxobchasida navbatda turgan haydovchilar o‘zaro navbat talashib, jamoat tartibini buzgan.

Shu yerga jamoat tartibini saqlash va tartibbuzarlik oldini olish maqsadida biriktirilgan viloyat IIB patrul-post xizmati xodimi safdor R.Mirzayev vaziyatga aralashgan.

Janjalni bartaraf etish maqsadida fuqarolarni tinchlantirishga harakat qilayotgan vaqtida janjal sababchilari — Asaka tumanida yashovchi, 2004 yilda tug‘ilgan O.R. va uning akasi, 1997 yilda tug‘ilgan O.J. xodimga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatib, uning qonuniy talablariga bo‘ysunmay, faol qarshilik ko‘rsatgan, — deyiladi xabarda.

Tarqalgan videolavhada xodim fuqaroni tepib, uning kiyimidan tortgan holda olib ketayotganini ko‘rish mumkin.

IIB hodisa joyida jamoat tartibi tiklanib, fuqarolarga nisbatan jismoniy kuch ishlatilgan holda tuman IIBga olib kelingani va ular bilan tegishli tartibda profilaktik suhbat o‘tkazilganini qo‘shimcha qildi.

Ta’kidlanishicha, holat yuzasidan voqea ishtirokchilarining, shu jumladan, ichki ishlar organlari xodimlarining harakatlariga huquqiy baho berilishi ta’minlanadi.

O‘z navbatida, jamoat tartibini buzib, xodimlarga qarshilik ko‘rsatishda ayblangan fuqarolar video orqali uzr so‘rab, xodimlar ishidan shikoyati yo‘qligini aytdi va sovuq kunlarda tartibni saqlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

«Xodimni biz tushunmadik, xodim ham bizni tushunmadi. Shuning uchun biroz muammo yuzaga keldi. Xodim tan jarohati yetkazmagan. E’tirozimiz yo‘q. Ular ham sovuqni sovuq demay, ertalabdan kechgacha zapravkada turib, ishda bo‘lishyapti. Ulargayam katta rahmat», — deydi janjallashgan fuqaro.

Profilaktik suhbat o‘tkazilgan aka-ukalarning ikkinchisi ham hech qanday e’tirozi yo‘qligini ma’lum qildi.

«Xodimlar bilan biroz kelishmovchilik bo‘ldi. Chekkadan kimdir video olib, internetga qo‘yib yuborgan. Lekin bu yaxshi ish emas. Hech kimga tan jarohati yetmagan. Internetda biz ham ko‘rdik, „u qilgan, bu qilgan“ deyilgan. Lekin hech kimga jarohat yetmagan. Hamma yerim soppa-sog‘. Bunchalik vahimali narsalar bo‘lmagan. O‘sha yerda turgan akalar [IIB xodimlari]ga katta rahmat sovuqda sovuq yeb turganiga ham», — deydi u.