O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 yanvar kuni Singapurga davlat tashrifi doirasida ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashdi.

Tadbirda Singapur mehnat vaziri — savdo va sanoat ikkinchi vaziri Leng Si Tang, Singapur biznes federatsiyasi raisi Ming Yan Lim, ushbu mamlakatning Indorama, Meinhardt group, CPG Corporation, Changi Airports, Singapur menedjmentni rivojlantirish instituti, TMC Academy, Virtus Health kabi 15 ta yirik kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

O‘tkazilgan O‘zbekiston-Singapur biznes forumi natijalariga ko‘ra, qiymati qariyb 5 mlrd dollarlik yangi investitsiya, savdo va moliyaviy kelishuvlar imzolandi.

«Bu hamkorligimiz ancha faollashganidan, muvaffaqiyatli kechayotganidan, O‘zbekiston-Singapur munosabatlari amaliy va sifatli mazmun bilan boyiganidan dalolat beradi», — dedi prezident.

ўзбекистон-сингапuр

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasida sheriklik salohiyati hali to‘liq ishga solinmagan, biroq ular ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishga qodir.

«Singapur kompaniyalarining ilg‘or tajribasi bizda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ishonchim komilki, singapurlik hamkorlarning innovatsiya va texnologiyalari O‘zbekistonning resurslari va kadrlar salohiyatiga qo‘shilsa, bo‘lajak qo‘shma loyihalar barqaror rivojlanadi», — dedi davlat rahbari.

O‘zbekiston yetakchisi uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun eng istiqbolli yo‘nalishlar: Singapur kompaniyalarining O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlarida ishtiroki, shahar va transport infratuzilmasini rivojlantirish, kimyo va to‘qimachilik, «yashil» iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa yo‘nalishlardagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish kabilarni ko‘rsatib o‘tdi.

ўзбекистон-сингапuр

Prezident O‘zbekiston Singapur tadbirkorlarini zarur ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan ta’minlash, imtiyozlar va kafolatli xaridlar shaklida keng qo‘llab-quvvatlash, boshqa ko‘mak choralarini taqdim etishga tayyor ekannii bildirdi.

Shuningdek, u O‘zbekistondagi islohotlar xorijiy hamkorlar orasida O‘zbekistonning ishonchli va barqaror sherik sifatidagi mavqeini mustahkamlashga qaratilganini ta’kidlab, singapurlik ishbilarmonlarni o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun ochilayotgan imkoniyatlardan foydalanish va iqtisodiyotga faol investitsiya kiritishga chaqirdi.