18 yanvar kuni AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha Samarqand quyi komissiyasi va «Istiqlol avlodi» nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda migrantlar va ularning oilalari uchun ikkinchi axborot-maslahat markazini ochdi. Bu haqda mamlakatning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Markaz mehnat migrantlarini chet elda odam savdosi jabrlanuvchisiga aylanishining oldini olish uchun axborot bilan ta’minlaydi. Shuningdek, qaytib kelgan migrantlar va ularning oila a’zolariga huquqiy maslahatlar berib, kasb-hunar ta’limini tashkil qiladi va psixologik xizmat ko‘rsatadi.

«Markaz ‘NNTlar uyi’da joylashgan bo‘lib, migrantlar, ularning oilalari va odam savdosidan omon qolganlarni ham fuqarolik jamiyati, ham hukumat ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xizmatlardan foydalanishiga yordam beradi», deya ta’kidladi Markazning ochilish marosimida so‘zga chiqqan USAIDning O‘zbekistondagi missiyasining Demokratiya va boshqaruv bo‘limi direktori Fey Xazelkorn.

2022 yilning mart oyida USAID Jizzaxda migrantlar va ularning oilalari uchun birinchi axborot-maslahat markazini ochgan edi. O‘shandan beri Jizzax markazi odam savdosining potensial jabrlanuvchilari va migrantlar oilalarining 120 ga yaqin murojaatini ko‘rib chiqdi va odam savdosidan jabr ko‘rgan 16 kishiga vatanga qaytishda yordam ko‘rsatdi. Qolgan barcha murojaat etuvchilarga maslahatlar berilib, yuridik va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatildi.

Migrantlar resurs markazlari «Winrock International» tomonidan amalga oshirilayotgan USAIDning Markaziy Osiyoda xavfsiz migratsiya dasturining bir qismidir. Dastur odam savdosining oldini olishga, odam savdosidan jabrlanganlarni himoya qilishga va xabardorlikni oshirish orqali xavfsiz migratsiyani targ‘ib etishga qaratilgan.