2017 yildan keyingi davrda O‘zbekiston tashqi savdosida mamlakatlar kesimida nisbatan diversifikatsiyalashuv kuzatila boshladi. Mamlakatning tashqi savdoda bir yoki bir nechta yirik hamkor davlatlarga bog‘liqlik darajasi pasaydi. Mazkur ijobiy tendensiya bir nechta omillar bilan izohlanishi mumkin.

Birinchidan, yangi davr boshlanishi bilan mamlakatda tashqi savdoga nisbatan mavjud to‘siqlar kamaytirila boshlandi (JSTga a’zo bo‘lish harakatlarining kuchayganligi ham bu fikrni tasdiqlaydi). Natijada import hajmining oshishi barobarida bir qator savdo hamkorlar bilan aloqalar yaxshilandi hamda ularga eksport hajmi oshdi.

Ikkinchidan, yangi davrda qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalar qayta tiklandi, bu esa, o‘z navbatida, ular bilan savdo aloqalarining jonlanishiga turtki bo‘ldi. Xususan, Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yilda O‘zbekiston eksportida Tojikiston hamda Qirg‘izistonning ulushi 2 foizdanni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilga kelib mos ravishda 4 foiz va 6 foizgacha o‘sgan. Qolaversa, ayrim davlatlar, xususan, Turkiyada to‘qimachilik xomashyo mahsulotlariga talabning oshishi ushbu mamlakatga eksportning yuqori sur’atlarda o‘sishiga sabab bo‘ldi (aynan shu davrda jami eksport o‘sishi asosan to‘qimachilik mahsulotlari eksporti o‘sishi hisobiga ro‘y berganligini ta’kidlab o‘tish joiz). Taqqoslash uchun, 2017 yilda Turkiyaga eksport qilingan tovar va xizmatlar mamlakat umumiy tovar va xizmatlar (oltinsiz) eksportining 9 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilga kelib bu ko‘rsatkich 13 foizga yetgan.

колумнистлар, tashqi savdo, o‘zбекистон-россия

Izoh: trend yaqqolroq ko‘zga tashlanishi uchun hamkor davlatlarning oltinsiz eksportdagi ulushi o‘zgarishi taqqoslangan. Grafik Statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi.

Boshqa tomondan, mamlakatning ikkita eng yirik savdo hamkorlarining umumiy eksportdagi ulushi sezilarli darajada qisqardi. Xususan, 2017 yilda O‘zbekiston eksportida Xitoy hamda Rossiyaning ulushi 22 foizdanni (ikki davlatning birgalikdagi ulushi 44 foiz) tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yil yakuniga kelib bu ko‘rsatkichlar nisbatan pasayib, mos ravishda 20 foiz hamda 17 foizgacha qisqargan.

Ya’ni 2017 yildan keyingi davrda mamlakat tashqi savdosining nisbatan diversifikatsiyalashuvi kuzatildi. Ta’kidlash joizki, bunda yaqin qo‘shni davlatlar bilan savdo hajmi keskin o‘sishni boshlaganligi muhim rol o‘ynadi.

Yana bir qiziq tendensiya. 2020 yilda pandemiya natijasida kuzatilgan inqiroz butun dunyoda yalpi talabni pasaytirdi, bu esa global savdoning sekinlashishiga sabab bo‘ldi. Xususan, 2020 yilda mamlakatning oltinsiz eksporti 26 foizga qisqardi. Biroq, shunga qaramay, bir qator qo‘shni davlatlar (Afg‘oniston, Tojikiston hamda Qirg‘iziston) bilan savdo hajmi yuqori sur’atlarda o‘sishda davom etdi.

2016−2021 yillarda asosiy hamkor davlatlarga O‘zbekiston eksportining o‘sish sur’ati

Davlatlar

2016

2017

2018

2019

2020

2021

Jami esport:

88%

100%

119%

113%

74%

135%

Afg‘oniston

116%

119%

98%

102%

126%

86%

Xitoy

81%

101%

142%

88%

77%

131%

Qozog‘iston

51%

112%

128%

103%

65%

130%

Qirg‘iziston

122%

147%

151%

248%

114%

104%

Rossiya

99%

112%

105%

120%

59%

141%

Tojikiston

103%

113%

128%

138%

124%

124%

Turkiya

87%

128%

108%

129%

84%

166%

Rossiya

2022 yilga kelib vaziyat butunlay o‘zgardi va mamlakat eksportida yana konsentratsiyalashuv (Rossiya foydasiga) kuchaya boshladi. Bu tendensiyaning kuzatilishiga asosan mintaqadagi geosiyosiy keskinlashuv hamda hamkor davlatlar ichki iqtisodiy sharoitlarining o‘zgarishi ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Rossiya tomoni misli ko‘rilmagan sanksiyalar yomg‘iri ostida qoldi. Qolaversa, ko‘plab yirik biznes va xalqaro kompaniyalar Rossiya bozorini tark eta boshladi. Buning natijasida urushning ilk oylarida Rossiya tashqi savdosi, xususan, importi keskin pasayishga uchradi. E’tiborlisi shundaki, importning qisqarishi nafaqat Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlarini salbiy baholab, unga nisbatan sanksiyalar kiritayotgan davlatlar bilan, balki Rossiya bilan do‘stona munosabatlarni saqlab turgan davlatlar bilan ham yuz berdi.

Jumladan, 2022 yilning mart oyida O‘zbekistonning Rossiyaga eksporti hajmi 1 foizga qisqarganligini kuzatish mumkin, oldingi oylardagi yuqori o‘sish sur’ati bilan taqqoslansa, bu jiddiy pasayish. Biroq, aprel oyidan boshlab mamlakatning Rossiyaga eksporti yuqori sur’atlarda o‘sishni boshladi. Shu sababli 2022 yilning 11 oyi yakuni natijalarga ko‘ra, Rossiyaga eskport hajmi umumiy (oltinsiz) eksportning 20 foizini tashkil etdi. Taqqoslash uchun, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 17 foizni tashkil etgan edi.

колумнистлар, tashqi savdo, o‘zбекистон-россия

Grafik statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi.

Rossiyaga eksportning oylik o‘sish sur’ati nihoyatda yuqori bo‘lib, mart oyidagi pasayishdan keyin, mazkur ko‘rsatkich 30 foizdan pastga tushmagan. Boshqa davlatlar bilan savdoda eksportning o‘zgarishiga e’tibor qaratilsa, ko‘rish mumkinki, Rossiya bu borada yaqqol yetakchi — ya’ni O‘zbekistonning Rossiyaga eksporti keskin o‘smoqda.

колумнистлар, tashqi savdo, o‘zбекистон-россия

Grafik statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi.

Mazkur tendensiyani dunyoning ko‘plab davlatlari (yoki kompaniyalari) Rossiya bilan savdo qilishni istamayotganligi, natijada Rossiya bozorining bo‘shab qolganligi, boshqa tomondan, O‘zbekiston Rossiya bilan do‘stona aloqalarni saqlab turganligi bilan izohlash mumkin. Qator davlatlarning Rossiya bilan aloqalari, shu jumladan savdo aloqalarida muayyan cheklovlar o‘rnatganligi hamda yirik xalqaro kompaniyalarning Rossiya bozoridan chiqib ketishi Rossiyaning birgina O‘zbekiston emas, o‘zaro do‘stona aloqalarni saqlab qolgan boshqa davlatlar bilan ham tashqi savdosi keskin oshishiga sabab bo‘lmoqda.

Xususan, yuqorida ta’kidlanganidek, mart oyidagi pasayishdan so‘ng, O‘zbekistonning Rossiyaga eksporti, jami eksportning o‘sish sur’ati sekinlashib borganligiga qaramay, 30 foizdan pastga tushmagan. Masalan, noyabr oyida umumiy oltinsiz eksportning o‘sish sur’ati 5 foizni tashkil etgani holda, Rossiyaga eksportning o‘sish sur’ati 64 foizni tashkil etgan.

2022 yilda kuzatilgan qiziq tendensiyalardan yana biri — mamlakatning Rossiyaga eksporti yuqori sur’atlarda o‘sib borayotgan bir paytda, boshqa yirik savdo hamkorlari bilan savdo nisbatan sekinlashgani, ayrim hollarda hatto qisqarganligidir. Masalan, Xitoy hamda Turkiya O‘zbekistonning ikkinchi hamda to‘rtinchi raqamli asosiy eksport yo‘nalishlari hisoblanadi. 2022 yil davomida mazkur davlatlardan biriga eksportning o‘sish sur’ati sekinlashgan bo‘lsa, boshqasida yuqori sur’atlar bilan pasayish tendensiyasiga guvoh bo‘lish mumkin. Xususan, 2022 yilning 11 oyi davomida Xitoyga eksport 2021 yilning mos davriga nisbatan bor-yo‘g‘i 3 foizga o‘sgan, taqqoslash uchun, bu davrda oltinsiz eksportning o‘sish sur’ati 21 foizni tashkil etgan. Turkiyaga eksport hajmi esa 2022 yilning yanvar-noyabr oylarida 2021 yilning mos davri bilan taqqoslaganda 10 foizdan ziyodga qisqargan. Bu davlatlarga eksport hajmi o‘sishining sekinlashuvi (yoki qisqarishi)ga asosan ulardagi ichki iqtisodiy shart-sharoitlarning o‘zgarishi ta’sir o‘tkazgan.

Xitoy

Xitoyda kovidga qarshi qattiq kurash haligacha davom etmoqda. Butun mamlakat bo‘ylab Zero-COVID siyosati olib borilmoqda (so‘nggi oylarda bu siyosat biroz yengillashdi). Ya’ni o‘tgan 2022 yil davomida pandemiya tarqalgan hududlarda harakatlanishni butunlay cheklash hamda boshqa karantin choralari kuchaytirildi. Tabiiyki, harakatlanishga kiritilgan cheklovlar iqtisodiyotning sekinlashishiga sabab bo‘ladi. Iqtisodiyotning sekinlashishi hamda yalpi talabning pasayishiga sabab bo‘ladi, o‘z navbatida, importga bo‘lgan talabni ham pasaytiradi. 2022 yilning ikkinchi choragida Xitoy iqtisodiyoti 2,7 foizga qisqargan edi, YAIMning ikkinchi chorakda bunday keskin qisqarganligi Zero-COVID siyosatining iqtisodiyotga jiddiy ta’sir ko‘rsatganligidan dalolat beradi.

колумнистлар, tashqi savdo, o‘zбекистон-россия

Manba: Reuters

Uchinchi chorakda Xitoy iqtisodiyotida tiklanish alomatlari sezila boshlaganiga qaramay, O‘zbekistonning Xitoyga eksporti iyul hamda avgust oylarida mos ravishda 9 foiz hamda 3 foizga qisqargan edi. sentabr oyiga kelib Xitoyga eksport nisbatan normal sur’atda o‘sishni namoyon qildi, biroq oktabr hamda noyabr oylarida mazkur ko‘rsatkich yana yuqori sur’atlarda pasaya boshladi. Xususan, oktabr oyida oylik eksport 24 foizga qisqargan bo‘lsa, noyabr oyiga kelib eksportning qisqarishi tezlashib, 36 foizga yetgan. Bunday tendensiyaga Xitoydagi iqtisodiy o‘sish to‘rtinchi chorakda yana sekinlashishi kutilayotganligi sabab bo‘lishi mumkin (ya’ni Xitoyda iqtisodiy faollik yana pasaygan).

2022 yil boshida ham Xitoy mamlakatning asosiy eksport yo‘nalishi edi, biroq Xitoyga eksport hajmining nisbatan sekin o‘sishi, keyinchalik bir necha oy davomidagi qisqarishi, qolaversa, Rossiyaga eksportning yuqori sur’atlarda o‘sishi natijasida Rossiya O‘zbekistonning asosiy eksport yo‘nalishi maqomini Xitoydan tortib olishga muvaffaq bo‘ldi. Xususan, 2021 yilda Xitoyga tovar va xizmatlar eksporti umumiy eksportning 20 foiz qismini tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilning 11 oyi natijalariga ko‘ra bu ko‘rsatkich 17 foizgacha qisqarganligini ko‘rish mumkin. Ya’ni Xitoy O‘zbekiston bilan tashqi savdoda bir yil ichida sezilarli ulushini yo‘qotgan.

Turkiya

Turkiya bilan ham Xitoy bilan bog‘liq vaziyatga o‘xshash holatni kuzatish mumkin. Farq shundaki, raqamlar Turkiyaga eksport keskin sur’atlarda qisqarayotganidan dalolat beradi. Xususan, 2022 yilda Turkiyaga oylik eksport hajmi fevral, aprel hamda iyul oylarida nisbatan o‘sishga erishgan bo‘lib, qolgan barcha oylarda sezilarli darajada qisqargan. Shunisi e’tiborga molikki, Turkiyaga oylik eksport hajmi tobora qisqarib bormoqda.

колумнистлар, tashqi savdo, o‘zбекистон-россия

Grafik Statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi.

Turkiyaga eksportning qisqarishini ikkita omil bilan tushuntirib berish mumkin. Birinchisi — 2021 yilda eksportning Turkiyaga sezilarli yuqori sur’atlarda o‘sganligi, ikkinchisi — Turkiyadagi ichki moliyaviy beqarorlik. 2021 yilda Turkiyaga umumiy eksportning yillik o‘sish sur’ati 66 foizni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, bu davrda mamlakat umumiy eksportining o‘sish sur’ati 35 foizni tashkil etgan, xolos. Ya’ni, Turkiyaga eksport hajmi umumiy eksportdan ko‘ra sezilarli darajada tez o‘sgan. Biroq, 2022 yilda ham aynan shunday yuqori o‘sishni takrorlash biroz imkonsiz edi.

Ikkinchidan, Turkiyada Erdog‘an hukumati foizlar bilan qattiq kurashmoqda — birgina davlat rahbarining ideologiyasi bilan Turkiya Markaziy banki asosiy stavkani doimiy ravishda pasaytirib borishga majbur bo‘lmoqda. Xususan, so‘nggi yig‘ilishda Markaziy bank asosiy stavkani 10,5 foizdan 9 foizgacha pasaytirish bo‘yicha qaror qabul qildi. Markaziy bankning bunday ekspansion monetar siyosati lira kursining muttasil qadrsizlanib borishiga olib kelmoqda (so‘nggi qarorlar liraga katta ta’sir ko‘rsatmayapti, bu ko‘plab regulyativ choralarning natijasi, xolos), bu esa, o‘z-o‘zidan, Turkiyaga tovar va xizmatlar eksport qiluvchi mamlakatlar, xususan, O‘zbekiston tovarlarining ham Turkiya bozorlarida qimmatlashuvi va raqobatbardoshligining pasayishiga sabab bo‘ladi.

колумнистлар, tashqi savdo, o‘zбекистон-россия

Turkiyada asosiy stavka va inflyatsiya darajasi o‘zgarishi. Manba: Reuters

2021 yilda O‘zbekistonning Turkiyaga eksporti hajmining jami eksportdagi ulushi 13 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda mazkur ko‘rsatkich 10 foizga qisqarganligini ko‘rish mumkin.

Tojikiston

Shu o‘rinda Tojikiston bilan o‘zaro savdodagi tendensiyalar tahlil qilinsa, 2022 yilda mazkur davlatga ham eksportning o‘sish sur’ati sezilarli sekinlashganini payqash mumkin, biroq buni biror omil bilan tushuntirib berish qiyin. Sababi — birinchidan, urush boshlangan vaqtdagi salbiy prognozlarga qaramasdan Tojikiston iqtisodiyoti hamda Tojikistonga pul o‘tkazmalari 2022 yilda yuqori sur’atlarda o‘sdi. Xususan, 2022 yilning birinchi yarmida Tojikiston iqtisodiyoti 7,4 foizga o‘sgan. Biroq, O‘zbekistonning Tojikistonga eksporti o‘sish sur’ati noma’lum sabablarga ko‘ra sekinlashdi va so‘nggi oylarda hatto qisqarib bordi.

2016 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonning Tojikistonga eksporti o‘sish sur’ati sezilarli darajada past bo‘lganiga qaramay, yangi davrda savdoning o‘sishi keskin tezlashgan edi. Xususan, yaqin to‘rt yillikda Tojikistonga eksportning o‘sish sur’ati 24 foizdan past bo‘lmagan. Ta’kidlash joizki, butun dunyoda pandemiya inqirozi kuzatilgan 2020 yilda ham Tojikistonga eksportning o‘sish sur’ati juda yuqori (24 foiz) bo‘lgan. Biroq, guvohi bo‘layotganimizdek, 2022 yilda mazkur ko‘rsatkichda sezilarli sekinlashish kuzatildi. Xususan, yanvar-noyabr holatiga Tojikistonga eksport hajmi bor-yo‘g‘i 2 foizga o‘sgan. Taqqoslash uchun, 2021 yilda mazkur ko‘rsatkichning yillik o‘sishi 24 foizni tashkil etgan edi. Tojikistonga eksportning o‘sish sur’ati keskin sekinlashayotganini, shubhasiz, so‘nggi yillarda Tojikiston O‘zbekiston tashqi savdosining diversifikatsiyalashuv jarayoniga qo‘shgan hissasi nuqtai nazaridan yomon tendensiya sifatida baholash mumkin.

Tahlillar ko‘rsatadiki, turli sabablarga ko‘ra O‘zbekiston eksportining birgina davlat — Rossiyaga bog‘liqlik darajasi tobora ortib bomoqda. Bunday konsentratsiyalashuvda mintaqadagi geosiyosiy vaziyatning o‘zgarishi, boshqa hamkor davlatlardagi ichki iqtisodiy shart-sharoitlarning o‘zgarishi hal qiluvchi omillar hisoblanadi. Biroq, kuzatilayotgan tendensiya yangi davrda erishilgan tashqi savdo diversifikatsiyalashuvini yana 2016 yildan oldingi davrga va, hatto undan ham og‘irroq holatga tushish xavfi ostida qoldirmoqda. Tashqi savdoda birgina davlat ulushining bunday tez sur’atlarda o‘sib borayotganligi, ayniqsa, mazkur davlatning butun dunyoda yakkalanib borayotgani hisobga olinsa, favqulodda xavfli tendensiya bo‘lib, yaqin kelajakda juda qimmatga tushishi va og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Bu tendensiyani ma’muriy usullarsiz ham yumshatish va, hatto boshqa yo‘nalishga burib yuborishning imkoni bor. Buning uchun boshqa — uchinchi davlatlar bilan savdo shartlarini osonlashtirish, savdoga bo‘lgan to‘siqlarni ikki tomonlama kamaytirish talab etiladi. Shuningdek, JSTga a’zolikni tezlashtirish orqali ham eksportning amaldagi konsentratsiyalashuvi jarayonini sekinlashtirishga erishish mumkin.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.