Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on hamda Denov tumanlarida o‘qishga kiritish va o‘qishni ko‘chirib berishni va’da qilgan fuqarolar aniqlandi. Bu Bosh prokuratura huzuridagi departament va DXXning viloyat boshqarmasi o‘tkazgan tergovga qadar tekshiruvda ma’lum bo‘ldi.

Jarqo‘rg‘on tumanida A.A. (firibgarlik jinoyati uchun sirtdan ayb e’lon qilinib, qidiruv e’lon qilingan) va Sh. A. o‘zaro kelishib, 2022 yilda nodavlat universitet ochgan. Ular shu OTMda o‘qishni xohlagan 18 kishining jami 152,9 mln so‘mini qo‘lga kiritib, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.

Denov tumanida kuzatilgan holatda esa fuqaro X.M. Tojikistonda o‘qiyotgan 21 nafar talabaning o‘qishini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlariga ko‘chirib berishini aytgan. Evaziga jami 15,3 ming dollar olgan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 28, 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.