«Hududgaz Toshkent» korxonasi («Hududgazta’minot» aksiyadorlik jamiyati Toshkent viloyati filiali) sobiq direktori Muzaffar Aliyevning qamoq chorasi garov shakliga o‘tkazilib, ozod etildi. Bu haqda Toshkent viloyati prokuraturasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda uning qamoqdan ozod qilingani hamda ish joyida faoliyat olib borayotgani to‘g‘risida ma’lumot joylashtirilgan. Tergov harakatlari davomida Aliyevga nisbatan qo‘llangan qamoq ehtiyot chorasi garov ehtiyot chorasiga o‘zgartirilgan.

Bundan tashqari, Aliyevni lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risida Jinoyat ishlari bo‘yicha sudning ajrimi mavjud.

Tergovga aralashish va to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi, — deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 11 dekabr kuni Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov rahbarligida o‘tkazilgan energiya resurslari bo‘yicha yig‘ilishda bir qancha soha rahbarlari, xususan, «Hududgazta’minot» Toshkent viloyati filiali direktori Muzaffar Aliyevga nisbatan jinoyat ishi ochilgani va qamoqqa olingani ma’lum qilingandi.

Shuningdek, «Yangiyo‘l tumangaz» rahbari Umid To‘ychiyev va «Guliston tuman elektr tarmoqlari korxonasi» sobiq rahbari Furqat Shodmonqulovga ham jinoyat ishi ochilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan edi.