Chilonzor tumanining «Cho‘ponota» mahallasida joylashgan, Toshkent shahar ko‘zi ojizlar jamiyati tassarufida bo‘lgan 27-sonli ko‘zi ojizlar yotoqxonasi 1964 yili ko‘zi ojizlar o‘quv-ishlab chiqarish korxonasining bo‘ydoq ishchilariga yotoqxona sifatida qurilgan. Uch qavatli va 73 xonadan iborat binoda hozirda 50 ga yaqin xo‘jalik — salkam 140 kishi — salkam 50−60 yil avval bo‘ydoq sifatida joylashib, so‘ng oila qurib, shu yerda qolib ketganlarning oilalari yashaydi.

ko‘zi ojizlar, ko‘zi ojizlar yotoqxonasi, sovuq, тoshкент, elektr energiyasi, энергия инқирози, қиш

«Lekin mazkur yotoqxona oilaviy yashashga umuman yaroqsiz», — deydi shu yerda yashovchi Ulug‘bek Mamatxonov. Bu — doimiy muammo, shu kunlardagi eng asosiy muammo esa, Toshkentning istalgan boshqa joyida bo‘lgani kabi, elektr energiyasi bilan bog‘liq. Yotoqxonada istiqomat qiluvchi Tohir Xoliqovning aytishicha, «svet» salkam bir haftadan beri shaxmat tartibida o‘chyapti.

«Sizlar ko‘rib turgan mana bu elektr taqsimlash qurilmasiga ko‘chadagi transformatordan uchta kabel orqali elektr olib kelingan. Yozda bittasi, keyin ikkinchisi uzildi. Oxiri uchtani ikkita, ikkitani bitta qildik. Shu bois ushbu qurilmada avariya yuzaga keldi. Tuman IIB xodimlari yordami bilan kabellar yangilandi, lekin bu vaqtinchalik chora, xolos: balki 15 kun ishlar yoki bir oy. Bartaraf etamiz, yangilaymiz, degan va’dalar bo‘ldi, ammo bu gaplar qachon amalga oshishini bilmaymiz», — deydi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, yotoqxonadagi har bir qavatda elektroshchitlar mavjud, ammo ular juda eskirgan. Shuningdek, ikki-uchta xona bitta avtomatga ulangan. «Avtomatlarni ham yangilash kerak, ko‘pi eski, tez-tez ishdan chiqib, tashlab yuboradi. Birinchi o‘rinda bino ichkarisidagi shu kabi muammolarni hal etish zarur», — deydi Tohir aka. Uning qo‘shimcha qilishicha, har bir xonaga alohida-alohida sim tortib, yangi avtomatlar o‘rnatilmasa, muammo hal bo‘lmaydi.

Keksalar va bolalar bor xonani qanday isitish o‘y-xayolidan tashqari osh-ovqat tayyorlash tashvishi ham bo‘lgan xotin-qizlar e’tiborni boshqa bir — gazsizlikka qaratadi. «Xonalardagi harorat tashqaridan deyarli farq qilmaydi. Marhamat, uyimning ichiga kirib ko‘ringlar — juda sovuq. Chiroq bo‘lmasa choy ham, ovqat ham qilolmaymiz, xonalar ham isimaydi. Hammasi «svet»ga bog‘langan. Kunduz kuni ham ko‘rpani ichida jon saqlayapmiz», — deydi Ma’mura Xudoyorova.

Keksa qaynonasi va uch nafar yosh bolasi birga yashaydigan Oksana Pritkova ham, chiroq sutkalab o‘chayotganini ta’kidlarkan, Ma’mura opaning so‘zlarini tasdiqlaydi: «Bizda gaz yo‘q, barcha ishlar elektr orqali bo‘ladi. Chiroq o‘chsa, hayot to‘xtaydi — yashash yo‘q». Yashovchilardan yana birining ta’kidlashicha, yotoqxonada 10 yoshgacha bo‘lgan 40 nafar bola bor — «bittasi kasal bo‘lsa, hammasiga yuqadi, hozir ham ko‘pchiligi kasal».

«„Svet“ yozda ham o‘chadi. Qish boshlanganidan beri har kuni o‘chyapti. Ovqatni faqat elektr-plitalarda qilamiz. Ko‘pincha ovqat tayyorlayotganda uziladi. Shchitlar avariya holatida, portlab ketsa nima bo‘ladi? Qiyinchiliklarimizni shu yerda yashaydiganlargina biladi», — deya qo‘shimcha qiladi yotoqxonada 32 yildan beri istiqomat qiluvchi Sharifa Sagatova. Issiqlik ta’minoti ko‘ngildagidek ishlaganida vaziyat hozirgidek og‘ir bo‘lmasdi, ammo ta’minot boru, issiqlik yo‘q.

Qizig‘i, yotoqxona binosining shundoqqina oldiga gaz taqsimlash punkti o‘rnatilgan, gaz quvurlari ham yotoqxona devorlariga yopishib o‘tgan. «Gaz o‘rnatib beringlar, desak, bino avariya holatida deyishadi. U holda bu yerdagilarga uy beringlar, avariya holatidagi binoda yashayapmiz desak, binoning „skeleti“ yaxshi, deyishadi», — yotoqxona shu kabi bahonalar bilan gaz ta’minotiga ulanmayotgani aytadi Ulug‘bek Mamatxonov.

Yuqorida sanalganlari — yotoqxona ichkarisidagi muammolar. Binoning o‘zi ham ancha eskirgan, masalan, Tohir Xoliqovning aytishicha, devorlar yupqalishib ketgan, «ko‘cha tarafi suvalmagan».

«Yotoqxona tomini qaysidir yili hokimlik ta’mirlab bergan. Lekin hammom, oshxonalarni o‘zimiz homiylar topib, ta’mirlatganmiz. Yotoqxonadagi ichki masalalarni har doim o‘zimiz harakat qilib, hal qilib kelganmiz. Elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolarga esa aralashishimiz mumkin emas», — deydi Ulug‘bek Mamatxonov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ko‘zi ojizlar yotoqxonasidagi muammolarga mas’ullar beparvo: «Tepadagilarga bizning muammolarimiz qiziq emas, ko‘zi ojizlar o‘z yog‘iga o‘zi qovurilib yotibdi. Muammoni aytib chiqsak, „sizlar jannatda yashayapsizlar“, deyishadi».

Bu yotoqxona, ehtimol, jannatdir. Faqat bu «jannat»da juda sovuq, unda ba’zan ovqat pishirishga ham sharoit yo‘q.