Ukraina bilan chegaradosh 8 ta hududdan o‘qishini ko‘chirishga istisno tariqasida ruxsat berilgan bir guruh talabalar ro‘yxati tasdiqlandi, deya xabar bermoqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati.

Tashqi ishlar vazirligi xulosasiga binoan Ukraina bilan chegaradosh bo‘lgan Rossiya (Kursk, Bryansk, Belgorod, Voronej, Rostov, Krasnodar) hududlaridagi, shuningdek, Qrim va Sevastopoldagi oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishi O‘zbekistondagi davlat oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirilishi ruxsat etilgan bir guruh talabalar ro‘yxati tasdiqlandi.

Ushbu ro‘yxatga kiritilgan talabalar o‘zlari hujjat topshirgan oliy ta’lim muassasasining o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha mas’ullariga uchrashishi so‘raldi. Ro‘yxat bilan bu yerda tanishish mumkin.

«Belgilangan tartibda my.dtm.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tgan, ammo ushbu tasdiqlangan ro‘yxatda ism-sharifi keltirilmagan fuqarolar bo‘yicha tegishli tashkilot xulosasi kutilmoqda. Natijasi yuzasidan yaqin kunlarda qo‘shimcha ma’lumot e’lon qilinadi», — deyiladi xabarda.