17 yanvar kuni Shavkat Mirziyoyevning Singapurga davlat tashrifi doirasida mamlakat prezidenti Halima Yaqub va bosh vaziri Li Syan Lun bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Sammitdan avval Singapur prezidentining «Istana» saroyida davlat rahbarini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Saroy oldidagi maydonda oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Harbiy orkestr ikki davlat madhiyalarini ijro etdi.

So‘ng O‘zbekiston prezidenti sharafiga Singapurning milliy ramzi bo‘lgan orxideya gulining yangi naviga nom berish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bunday tadbirlar an’anaviy ravishda ushbu mamlakatning oliy martabali mehmonlari va taniqli arboblarga hurmat belgisi sifatida o‘tkaziladi.

An’anaga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev gulning yoniga yangi turdagi orxideyaning nomi — «Shavkat Mirziyoyev orxideyasi» deb yozilgan taxtachani joylashtirdi.

«Ushbu ko‘rkam va yoyilib o‘suvchi gul Encbi Purple va Kila Blue orxideyalarining gibridi hisoblanadi. Uzunligi 45 santimetr bo‘lgan qat-qat yaproqli qo‘shgullar, ularning har birida 17 tadan 20 tagacha gul hosil qiladi, har bir gulning eni 5 santimetr atrofida. Och siyohrang barglar va kosachabarglarning cheti mayin binafsharang», — deb yozadi prezident matbuot xizmati.

Shundan so‘ng prezidentlar ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi. O‘zbekiston va Singapur o‘rtasidagi munosabatlarni yanada chuqurlashtirish istiqbollari, ijtimoiy-siyosiy hayotni demokratlashtirish borasidagi islohotlar yuzasidan fikr almashildi.

Ta’lim sohasida faol hamkorlik qilinayotgani qayd etildi. Toshkentda Singapur menejmentni rivojlantirish instituti hamda Singapur texnologiyalar, menejment va kommunikatsiyalar akademiyasi faoliyat yuritmoqda. Ikki mamlakatning Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va integratsiyani kengaytirish borasidagi tajribasi batafsil ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi. Shavkat Mirziyoyev Halima Yaqubni o‘ziga qulay bo‘lgan vaqtda O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif etdi. So‘ng «Istana» qarorgohida bosh vaziri Li Syan Lun bilan muzokara o‘tkazildi.

синgaпур, шавкат мирзиёев, hamkorlik

Yetakchilar hamkorlikning bugungi holatini ko‘rib chiqdi. Jumladan, savdo-iqtisodiy sohada keyingi yillarda tovar ayirboshlash ikki barobarga oshgani qayd etildi. O‘zbekistonda Singapur kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 4 karra ko‘paydi. Ushbu mamlakatdan O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi 700 million dollarga yetgan. Ko‘plab sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun katta zaxiralar mavjudligi qayd etildi.

Shularni hisobga olib, davlat rahbari Singapur bilan yaqin istiqboldagi hamkorlikning oltita asosiy yo‘nalishini ko‘rsatib o‘tdi:

Birinchisi — inson kapitalini rivojlantirish va davlat boshqaruvi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash. Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabi ishtirokida boshqaruv, shaharsozlik, infratuzilmani rivojlantirish, raqamli transformatsiya, innovatsiyalar, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida birgalikda davlat xizmatchilarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturini amalga oshirishga kelishib olindi. Shuningdek, O‘zbekiston Davlat boshqaruvi akademiyasi negizida Singapurning yetakchi ekspertlarini jalb qilgan holda davlat xizmatchilarini intensiv qayta tayyorlash dasturi ishga tushiriladi.

Ikkinchi yo‘nalish — Singapurni O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlariga jalb qilish. Muzokaralarda Singapurning yetakchi kompaniyalari tajribasi, zamonaviy texnologiyalari va boshqaruv usullaridan foydalangan holda O‘zbekistonning yirik korxonalarini xususiylashtirish dorasidagi loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Davlat korxonalarini transformatsiya qilish va tarkibiy o‘zgartirish, keyinchalik ularni IPOga chiqarish va tashqi investitsiyalarni jalb qilish uchun qo‘shma Investitsiya jamg‘armasini tuzish taklif qilindi.

Uchinchi ustuvor yo‘nalish — ilg‘or «yashil» texnologiyalar va raqamli yechimlarni jalb qilish. Singapurning raqamlashtirish sohasidagi yutuqlarini joriy qilish, shuningdek, ushbu mamlakatning «yashil» rivojlanish bo‘yicha innovatsiyalari va texnologiyalarini qo‘llash imkoniyatlari muhokama qilindi.

To‘rtinchisi — shahar infratuzilmasi va kommunikatsiyalarni takomillashtirish. Shaharlarni rejalashtirish va qurilish, ko‘kalamzorlashtirish, kommunal xo‘jalik sohalarida hamkorlik bo‘yicha tadbirlar kelishib olindi.

Hamkorlikning beshinchi yo‘nalishi — investitsiyalar va o‘zaro savdoni kengaytirish, Singapurning yetakchi kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalarni ilgari surish. Ustav kapitali 500 million dollar bo‘lgan O‘zbekiston-Singapur investitsiya kompaniyasini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Oltinchi yo‘nalish — jamoat xavfsizligini ta’minlash, millatlararo totuvlikni asrash va radikalizmga qarshi kurashish borasida tajriba almashish.

Bundan tashqari, tomonlar xalqaro va mintaqaviy kun tartibi masalalari yuzasidan fikr almashdi. Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Li Syan Lunni o‘ziga qulay vaqtda mamlakatga tashrif bilan kelishga taklif etdi. Muzokaralardan so‘ng ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘ldi.

Delegatsiyalar rahbarlari huzurida ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari darajasida O‘zbekiston-Singapur hamkorligini yanada kengaytirishga qaratilgan 8 ta hujjat almashildi.

Xususan, ta’lim, transport, sog‘liqni saqlash, kadrlar, shu jumladan, davlat xizmatchilarini tayyorlash sohalarida hamkorlik to‘g‘risida bitimlar qabul qilindi. Shuningdek, savdo-iqtisodiy sheriklik hamda ikki mamlakat prokuraturalari o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Kunning ikkinchi yarmida davlat rahbari Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabiga tashrif buyuradi va Singapurning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazadi.

Bugunning o‘zida Shavkat Mirziyoyev Toshkentga qaytib keladi. Sababi prezident energetika va kommunal tizimlarda yuzaga kelgan ahvol sabab Singapurga tashrif davomiyligini 3 kundan 1 kunga qisqartirgandi.