Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi o‘zining Telegram kanalida aholini elektr energiyasi va gaz bilan ta’minlashda yuzaga kelgan inqiroz fonida prezident tomonidan ishdan bo‘shatilgan mazkur kengashning sobiq raisi, poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga qisqa murojaat e’lon qildi. Keyinroq xabar o‘chirildi.

«Hurmatli Jahongir Obidovich Ortiqxo‘jayev, 2019−2023 yillarda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi raisi sifatidagi faoliyatingiz davomida xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatlarini qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun tashakkur aytamiz», — deyiladi murojaatda.

«Bu davrda siz tomoningizdan bildirilgan takliflar asosida deputatlar tomonidan olib borilgan ishlar natijasida aholining ayniqsa ehtiyojmand oilalarning holidan xabar olinganligi xalqimizning deputatlarga bo‘lgan ishonchini oshirganligi alohida e’tiborga loyiqdir», — deyiladi kengash xabarida.

«Sizga, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatlari tomonidan Toshkent shahrimiz ravnaqi yo‘lida qo‘shgan hissangiz va mashaqqatli mehnatingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz», — deya qayd etilgan murojaatda.

Postga Toshkent hokimligi matbuot xizmati tomonidan Jahongir Ortiqxo‘jayevning ko‘p soatlik fuqarolar qabulidan lavhalar aks ettirilgan videorolik ilova qilingan. Hokimlik mazkur qabullar kechgacha davom etgani, aholining aksariyat muammolari hal etilgani haqida xabar bergan. Kadrlarda odamlarning ko‘z yoshlari bilan hokimga minnatdorchilik bildirishlarini ko‘rish mumkin.