Jizzax viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishda viloyat Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan tibbiyot uskunalari xarid qilishda qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi, deb xabar berdi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati.

Aniqlanishicha, mazkur tibbiyot markazi 2021 yil 22 dekabrdagi shartnomaga asosan «E.M.S» MCHJdan 245,2 million so‘mga Germaniyada ishlab chiqarilgan «Eskulap» modeldagi jarrohlik uskunalarini xarid qilishi belgilangan.

Tovar yetkazib beruvchi MCHJ tomonidan 2021 yil 28 dekabrdagi hisobvaraq-fakturaga ko‘ra, ushbu modeldagi jarrohlik uskunalari markazga yetkazilgani haqida hujjat rasmiylashtirilgan. Biroq o‘rganishlar mobaynida shartnomada qayd etilgan jarrohlik uskunalari aslida mavjud emasligi, yangi tibbiy uskuna o‘rniga eski — 1994 yilda Rossiyada «Voljskiy Utes»da ishlab chiqarilgan uskunalar olib kelingani hamda ular yaroqsiz holatda ekani ma’lum bo‘lgan.

Tibbiyot markazining mas’ul shifokor va xodimlari o‘z rahbariyatiga ushbu tibbiy uskunalar sanitariya talablariga javob bermasligi va boshqa holatlar to‘g‘risida 2022 yil 19 fevralda bildirishnoma bilan murojaat qilingan bo‘lishiga qaramay, rahbariyat tomonidan holat bo‘yicha hech qanday chora ko‘rilmagan.

Mazkur holatlar yuzasidan to‘plangan materiallar agentlik tomonidan qonuniy qaror qabul qilish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan.

Yuqorida qayd etilgan va qo‘shimcha boshqa holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilib, natijasi bo‘yicha prokuratura organlari tomonidan viloyat Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda.