O‘zbekistonda hokimlar, sektor rahbarlari, mahalla raislari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari uyma-uy yurib, aholidan xabar oladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 16 yanvardagi yig‘ilishda topshiriq berdi, deya xabar qilmoqda Sherzod Asadov.

«Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasidan yolg‘iz qariyalar, ko‘p farzandli ehtiyojmand oilalarga issiq kiyim, oziq-ovqat tarqatish, eng og‘ir hollarda ularni sharoiti bor joylarga joylashtirish, mahallalarda issiq ovqat tarqatish punktlarini tashkil etish topshirildi.

Har bir dehqon bozorida sharoitlarni yaxshilash va narx-navo tartibga solish, yirik korxonalar, ijtimoiy obyektlar rahbarlari xodimlarini uyushgan holda ishga olib kelishga avtobus qatnovlarini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Yong‘inni oldini olish bo‘yicha amaliy va tushuntirish ishlarini kuchaytirish, xonadonma-xonadon isitish vositalaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha tushuntirish ishlarini tashkil qilish bo‘yicha topshiriq berildi.

Bundan avval, Toshkent hokimligi tomonidan aholiga to‘yxonalarda bepul osh tarqatish yo‘lga qo‘yilgandi. «Gazeta.uz» osh tarqatilayotgan to‘yxonalardan reportaj tayyorlagandi.