Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda hududiy boshqarmalar mutaxassislari respublika aholisini anomal sovuq kunlari o‘tkir respirator kasalliklarning ko‘payishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda koronavirus yengil va simptomlarsiz kechmoqda. Shu sababli bemorlarda tana harorati yuqori bo‘lmasligi, isitmalash davri bir kundan uch kungacha davom etishi, ba’zi insonlarda tana harorati umuman ko‘tarilmasligi mumkin. Bunday holatlarda COVID-19 infeksiyasini PZR testi, ekspress testlar yordamida organizmga tushgan yoki tushmaganligini bilish mumkin.

Hurmatli fuqarolar, agarda siz yoki oila a’zolaringizda shamollash belgilari kuzatilsa, zudlik bilan yashash hududingizdagi oilaviy poliklinika shifokoriga murojaat etishingiz tavsiya qilinadi. Bundan tashqari, o‘zboshimchalik bilan dori vositalarini iste’mol qilmaslikni eslatib o‘tamiz. Siz yoki oila a’zolaringizda koronavirus kasalligiga gumon bo‘lsa, shifokor tavsiyasiga ko‘ra zudlik bilan koronavirusga test topshirishingiz zarur, — deyiladi xabarda.

Koronavirusga PZR-test topshirish uchun hududiy Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomtligi bo‘limlariga murojaat qilish mumkinligi bildirib o‘tilgan.