O‘zbekistonda kuzatilayotgan sovuq ob-havo sharoitida 12−16-yanvar kunlari poytaxt hokimligi tomonidan aholiga to‘yxonalarda bepul osh tarqatish yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgan edi. Shahar hokimligi matbuot xizmati kam ta’minlangan oilalar, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi, obodonlashtirish boshqarmasi hamda yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tashrif buyurishlarini ma’lum qildi. Shuningdek, har kuni osh beriladigan zallar va joylar ro‘yxati ham e’lon qilindi.

«Gazeta.uz» muxbirlari Mirzo Ulug‘bek va Shayxontohur tumanlaridagi bir qancha to‘yxonalardan reportaj tayyorladi.

14 yanvar kuni Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Royal rose to‘yxonasida 100 kiloli osh tayyorlangani, bu soat 11:00 dan boshlab aholiga tarqatilganiga guvoh bo‘ldik. Oshpazning aytishicha, ikkita qozondagi osh 800−900 kishiga yetadi.

аномал sovuq, osh

Foto: Madina A’zam / «Gazeta.uz».

Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazi rahbari Alisher Murodovning ta’kidlashicha, tumandagi 5 ta to‘yxonada kuniga bir mahaldan 100 kilodan osh tayyorlanmoqda. Bu esa mingga yaqin oilaga mo‘ljallangan.

«To‘yxonalarga obodonlashtirish xodimlari, turli tashkilotlar vakillari va aholining quyi qatlami: «temir daftar», «ayollar daftari», «yoshlar daftari»dagi fuqarolar, oziq-ovqatga qiynalgan odamlar reja grafigi bo‘yicha kelishmoqda. Nogiron, keksa yurtdoshlarimizga esa mahalla raislari, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari orqali tarqatish yo‘lga qo‘yilgan», — dedi tuman hokimligi vakili.

Obodonlashtirish xodimi Feruza Norova ularga nisbatan bunday e’tibor davomli bo‘lishini xohlashini ta’kidladi. «Osh berilayotganini eshitib, juda xursand bo‘ldik, hozir to‘yxonaga kirib issiq oshni yeb chiqyapmiz. E’tibor ko‘rsatgan mas’ullarga rahmat aytamiz. Bu kabi ishlar davomli bo‘lishini, har doim e’tibor berishlarini istaymiz», — dedi u.

аномал sovuq, osh

Foto: Madina A’zam / «Gazeta.uz».

Uning so‘zlariga ko‘ra, obodonlashtirish xodimlarining maoshi kam, kiyim almashtirish xonalari sovuq.

«Maoshlarimizni oshirib berishsa, sharoitlarimiz yaxshilansa, xursand bo‘lardik. Bizning kiyim almashtiradigan xonalarimiz sovuq, sharoitimiz yo‘q, sovuqda kiyinib, ishga chiqamiz. Ayrim paytlarda shamollab qolamiz. Shularni inobatga olib, issiq xonalar qilib berishsa, yanada xursand bo‘lardik. Ishga borib-kelishda transprot masalasida ham juda qiynalamiz, oyliklarimizni biroz ko‘tarib berishsa, yaxshi bo‘lardi. Hozirgi qish mavsumida yo‘lkira uchun kuniga 20−30 ming so‘m ketyapti, boshqa iloj yo‘q. Shularga ham e’tibor qaratishlarini istaymiz», — dedi Feruza Norova.

«Gazeta.uz» muxbirlari Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Ezidiyor hamda Shayxontohurdagi Versal to‘yxonalarida ham bo‘lishdi.