Sobiq Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mansabdorlariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi, deya xabar berdi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Jismoniy tarbiya va sport vazirligining ayrim mansabdor shaxslari tomonidan bir qator xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan.

Jumladan, 2019 yilda Italiyaning Pediluko shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha o‘tkazilgan turnir hamda o‘quv yig‘ini mashg‘ulotida O‘zbekiston milliy terma jamoasining ishtirokini ta’minlash uchun davlat budjetidan 334,0 mln so‘m, 20 680 yevro va 1500 AQSh dollari ajratilgan. Biroq, o‘rganishlar davomida ushbu xalqaro tadbirlar uchun sarflangan mablag‘larni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, 2019 yilda Tokio va Pekin shaharlarida sinxron suzish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqalarda ushbu tadbirlarga mas’ullar 1015 AQSh dollari miqdorida ortiqcha xarajatga yo‘l qo‘ygan.

Bundan tashqari, vazirlik tomonidan 2020 yilda budjet mablag‘lari hisobidan sport jihozlari sotib olish uchun «Mashxim» MCHJ, «Arabboy sport» XK va «Sport jihoz lyuks» XKlari bilan 45 ta holatda 15 mlrd so‘mlik shartnomalar tuzilgan. O‘rganishda 6 ta shartnoma bo‘yicha sotib olingan 2,9 mlrd so‘mlik jihozlarning foydalanish uchun tarqatilganini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi aniqlandi.

O‘rganish yakuni bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qonuniy baho berish uchun Bosh prokuraturasiga yuborilgan.

Hozirda aniqlangan holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshirish o‘tkazilib, natijasi bo‘yicha prokuratura idoralari tomonidan Jinoyat kodeksi 167-moddasining 3-qismi, «a» bandi (Juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.