Senatorlar lotin alifbosi bo‘ycha malaka oshirishni boshladi, deya xabar bermoqda Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi.

Ushbu mashg‘ulotlar Vazirlar Mahkamasining «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alibosiga bosqichma-bosqchi to‘liq o‘tishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi asosida o‘tkazilmoqda.

2023 yil 1 yanvardan boshlab barcha tashkilotlarda ish yuritishda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tilishi kerak edi. Rasmiy veb-saytlar, mahalliy OAV, internet saytlari, rasmiy hujjatlar va ish qog‘ozlari ham to‘liq lotin yozuviga o‘tkazilishi, normativ-huquqiy hujjatlar muhokama uchun ham lotin yozuviga asoslangan o‘zbek tilida e’lon qilinishi kerak edi.

Yil boshlanganidan buyon qaror ijrosi qator vazirliklar va idoralar tomonidan tatbiq etilmagan. Biroq yangi yilni lotin alifbosida boshlagan tashkilotlar ham yo‘q emas. Xususan, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Tabiat resurslari vazirligi (Ekologiya qo‘mitasi) va boshqa matbuot xizmatlari o‘zlarining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini lotin alifbosida yurita boshladi.

Jurnalist Ilyos Safarov o‘zining Telegram kanalida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tish bo‘yicha «hukumat qarori talablarini bir tiyinga olmayotgan vazirlik va idoralar»ni yozib qoldirdi.

«Bu — hukumat qarori kuchga kirgan va bosh vazirning shu qaror bo‘yicha vazirliklarga qo‘shimcha topshiriqlari berilganiga 1 yil o‘tgandan keyingi vaziyat. Hukumat qarori talablarini o‘z tizimidagi vazirliklarga bajartirmay turib, uning ijrosini boshqalardan so‘rashga haqqi bormikin?!» — deb yozadi jurnalist.