Qozog‘istonning Aktobe viloyatida noqulay ob-havo sharoiti tufayli yo‘lda qolib ketgan ikkita yo‘lovchi avtobusidan 69 nafar o‘zbekistonlik evakuatsiya qilingandi. O‘zbekiston Transport vazirligi ushbu vaziyat yuzasidan ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, 9 yanvar kuni soat 18:00 da «Uzautotrans service» MCHJning Yutong bus ZK6122H9 avtobusi barcha talablarga rioya etgan holda transport vositasi texnik, haydovchilar esa tibbiy ko‘rik va maxsus yo‘riqnomalardan o‘tib, Toshkent-Moskva yo‘nalishi bo‘yicha 26 yo‘lovchi bilan Toshkent avtovokzalidan belgilangan jadval asosida qatnovni amalga oshirish uchun yo‘lga chiqqan.

Yo‘nalish davomida 10 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat tahminan 22:00 da Qozog‘istonning Aktobe viloyati Samara-Chimkent trassasida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan noqulay ob-havo sharoiti tufayli yo‘llarda vujudga kelgan muzlamalar sabab shu yo‘nalishda harakatlanayotgan barcha yengil, yuk va jamoat transport vositalari harakati vaqtincha to‘xtatilgan.

Shu jumladan, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan avtobus harakati ham vaqtinchalik to‘xtatilgan. Mahalliy hukumatning FVV departamenti tomonidan yo‘lovchilar o‘sha atrofdagi masjidga vaqtinchalik joylashtirilgan.

Yo‘ldagi muzlar va to‘siqlar bartaraf etilgandan so‘ng transport vositalari o‘z harakatlarini davom ettirgan.

«Uzautotrans service» MCHJning Toshkent-Moskva yo‘nalishida qatnovni amalga oshirayotgan avtobus Qozog‘iston va Rossiya chegara bojxona postidan o‘tgan. Haydovchi bilan o‘rnatilgan operativ aloqaga ko‘ra avtobusdagi barcha yo‘lovchilar sog‘-salomat holda yo‘nalishda o‘z safarini davom ettirmoqda.