Toshkentda 12 yanvar kuni ertalab avtobus qatnovi oralig‘i ortgani shahar aholisi e’tiborini tortdi. Avtobuslar harakatining onlayn monitoringi xizmati yo‘nalishlarda harakatlanayotgan 750 ta avtobusni ko‘rsatdi va kunduzi soat 11:00 ga kelib ularning soni 800 taga yetdi (odatda liniyalarda 1000 dan ortiq avtobus yurardi).

«Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi, poytaxt transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayevning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, ertalab soat 5:30 da avtobus bazalarida 40 ta MAN katta sig‘imli siqilgan gazda harakatlanuvchi avtobuslar o‘t olmayotgani ma’lum bo‘lgan.

Ishlab chiqarish korxonasi vakillari bunga nima sabab bo‘lganini tekshirganda tungi havo haroratining -24 darajagacha pasayishi tufayli avtobuslarning gaz ballonlaridagi klapanlar muzlab qolgani ma’lum bo‘lgan. Natijada gaz bilan o‘t oldirish imkoni bo‘lmagan.

«Ertaga bunday bo‘lmasligi uchun bugun kechqurun «MAN»lardagi klapanlarni almashtiramiz», — dedi Anvar Jo‘rayev.

Yo‘nalishlarga katta sig‘imli avtobuslar o‘rniga kichik sig‘imli Isuzu NP 37 va HC 40, shuningdek, o‘rta sig‘imli Isuzu LE 60 rusumli avtobuslar kiritildi.

«Kechikish 45 daqiqadan bir soatgacha bo‘lgan. Bugunning o‘zida jami 1069 ta avtobus harakatga chiqarildi. Shundan 19 tasi xususiy avtobuslar bo‘lib, ularga uchta yo‘nalish ajratilgan», — dedi Anvar Jo‘rayev.

Uning ta’kidlashicha, barcha avtobuslar monitoring xizmatida ko‘rsatilmagan, chunki poytaxtda harakatlanadigan avtobuslar odatda shahar atrofi bo‘ylab yo‘l yuradi.

«Toshshahartransxizmat» rahbarining qo‘shimcha qilishicha, ayozli kunlarda yo‘lovchilar oqimi kamaymoqda. Bunga ko‘plab maktab o‘quvchilari va oliy o‘quv yurtlari talabalarining o‘qishni boshlamagani, qator tashkilotlar xodimlarining masofaviy ishlashga o‘tkazilgani ham o‘z ta’sirini o‘tkazgan.