4 yanvar kuni UzAuto Motors hisob dasturiy ta’minotini amalga oshirish munosabati bilan shartnoma tuzish, avtomobillarni topshirish va to‘lovlarni qabul qilishni vaqtincha to‘xtatgandi. 9 yanvar kuni kompaniya jarayon yana uzaytirilganini ma’lum qildi.

UzAuto Motors barcha avtomobillarni topshirish va to‘lovlarni qabul qilish yana bir necha kunga to‘xtatilganini qayd etdi. Bundan tashqari, dasturiy ta’minotni ishga tushirish tadbirlari o‘tkazilishi munosabati bilan UzAvtoSavdo ilovasi faoliyati ham vaqtincha to‘xtatib turilishi mumkin.

Ta’kidlanishicha, dasturiy ta’minotni yangilash va inventarizatsiya ishlari yakunlangandan so‘ng kontraktatsiya shartnomalarini tuzish, oldindan to‘lovni qabul qilish va avtomobilni yetkazib berish to‘liq hajmda qayta tiklanadi.

«Iste’molchilarimizni ishontirib ayta olamizki, 2022 yil, yangi yil arafasida avtomobil yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzgan va vaqtinchalik cheklov uchun oldindan to‘lovni amalga oshira olmagan shaxslar ish qayta tiklanganidan so‘ng avtomobil uchun oldindan to‘lovni amalga oshirishi mumkin. Shu bilan birga, ular tomonidan avtomobil yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan shartnomalar o‘z kuchida qoladi, faqat oldindan to‘lov muddati uzaytiriladi», — deyiladi xabarda.

Kompaniya iste’molchilardan yuzaga kelgan vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘radi.