Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva 8 yanvar, yakshanba kuni boshlangan tartibsizliklar sababli mamlakat poytaxti Braziliada yanvar oyi oxirigacha favqulodda holat e’lon qildi, deya xabar bermoqda mamlakatning Globo telekanali.

Sobiq prezident Jair Bolsonaroning minglab tarafdorlari oktabr oyidagi prezidentlik saylovlari natijalariga qarshi chiqdi. Sariq-yashil kiyimdagi Braziliya bayroqlari bilan shahar markaziga kirib kelgan namoyishchilar Milliy Kongress (Parlament), Federal Oliy sud binolari va davlat rahbarining ishchi qarorgohi bo‘lgan Planalto saroyiga bostirib kirib, uning oynalarini sindirdi.

Ishlamaydigan kunlarda bo‘sh turgan ma’muriy binolar qo‘riqchilari qoidabuzarlarga qarshi tura olmadi. Keyinroq politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatib, ularni ortga qaytarib yubordi. Turli ma’lumotlarga ko‘ra, voqeada 3000 ga yaqin odam ishtirok etgan, 300 dan 400 gacha odam hibsga olingan.

бразилия

Foto: EPA

Davlat rahbari ishtirokchilar qonun doirasida to‘liq jazolanishini aytdi. Lula da Silva ularning harakatlarini «varvarlik» deb atadi. «Bu odamlarni namuna bo‘lishi uchun jazolash kerak, shunda hech kim hech qachon orqasida davlat bayrog‘i yoki Braziliya terma jamoasi libosida bugungi kunda qilgan ishni qilishga jur’at eta olmaydi», — dedi u.

Prezident yakshanba kuni San-Pauluda edi. Tartibsizliklar munosabati bilan u Braziliaga uchib ketdi. Oliy sud sudyasi Aleksandr de Moraes Brazilia gubernatori Ibanes Roshani 90 kunga lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risida qaror chiqardi, deya xabar bermoqda SNN Brazil. Rosha o‘z blogida prezident va kongressmenlardan uzr so‘radi.


Namoyishchilarning xatti-harakatlari hozir AQShda bo‘lib turgan Jair Bolsonaro tomonidan ham tanqid qilindi. Uning ta’kidlashicha, o‘z tarafdorlarining harakati demokratiya doirasidan tashqarida.

«Huquqiy shakldagi tinch namoyishlar demokratiyaning bir qismidir. Biroq bugungi kunda sodir bo‘lgan, shuningdek, 2013 va 2017 yillarda so‘lchilar tomonidan amalga oshirilgan jamoat binolarini talon-toroj qilish va tortib olish bu qoidaga kirmaydi», — deb yozdi u Twitter`da. Lotin Amerikasi va Karib havzasi hamjamiyati Braziliya prezidenti va hukumatini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.