Ijtimoiy tarmoqlarda tez tibbiy yordam avtomobillariga tezlikni o‘lchovchi maxsus avtomatlashtirilgan, onlayn rejimda ishlovchi kameralar orqali qayd etilib, jarima belgilanayotgani va ular bekor qilinmayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining qo‘shma bayonot e’lon qildi.

Ma’lum qilinishicha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 17 prim 1-moddasi beshinchi xatboshisiga ko‘ra, tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari, shuningdek ular kuzatib kelayotgan transport vositalari tomonidan yo‘l harakati qoidalariga muvofiq imtiyozdan foydalangan holda sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklar maxsus foto va video qayd etishning avtomatlashtirilgan texnik vositalari orqali qayd etilgan taqdirda hamda kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda haydovchilarning ma’muriy qoidabuzarligi oxirgi zarurat holatlarida sodir etilgan deb topiladi. So‘ng mazkur ma’muriy ish ushbu kodeksning 271-moddasiga muvofiq tugatiladi.

Mazkur hujjatning 271-moddasi birinchi xatboshisining to‘rtinchi kichik bandiga ko‘ra, shaxs harakatni oxirgi zarurat holatida qilgan bo‘lsa, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni boshlash mumkin emas. Boshlangan ish esa tugatilishi lozimligi belgilangan.

Tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari, shuningdek ular kuzatib kelayotgan transport vositalarining haydovchilari kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarayotib, harakatlanish xavfsizligini ta’minlash sharti bilan yo‘l harakati qoidalarining 7-bob (Svetofor va tartibga soluvchining ishoralari), 9−16 (Harakatlanishni boshlash, Yo‘nalishlarni o‘zgartirish, Yo‘lning qatnov qismida transport vositalarining joylashuvi, Harakatlanish tezligi, Quvib o‘tish, To‘xtash va to‘xtab turish, Chorrahada harakatlanish, Tartibga solingan chorrahalar, Tartibga solinmagan chorrahalar), 19−20 (Avtomagistrallarda harakatlanish, Turar joy dahalarida harakatlanish) va 22-boblari (Yo‘nalishli transport vositalarining imtiyozlari), 1- (Yo‘l belgilari) va 2-ilovalari (Yotiq chiziqlar) talablaridan chetga chiqishlari mumkin.

Yo‘l harakatining boshqa qatnashchilariga nisbatan imtiyozga ega bo‘lishi uchun maxsus xizmatlarning transport vositalarida ko‘k yoki qizil yoxud ko‘k va qizil rangli yalt-yalt etuvchi mayoqchalar va maxsus tovushli ishora yoqilgan bo‘lishi shart. Ular o‘zlariga yo‘l berilayotganligiga ishonch hosil qilganlaridan so‘nggina imtiyozdan foydalanishlari mumkin.

IIV axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, tez yordam avtomobillariga yozilgan jarimalar bekor qilingan. Uning qayd etishicha, ushbu turdagi avtomobillar uchun yozilgan jarimalar umumlashtirilib «bitta ariza bilan haydovchilarning ishtirokisiz reyestrdan o‘chiriladi».