Toshkentda 6 yoshli qizaloqqa tegajog‘lik qilgan 47 yoshli erkakka nisbatan 10 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi voqea 2022 yilning yozida yuz berganini ma’lum qilgandi. Jabrlanuvchining onasi huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan va erkak 24 soat ichida kuzatuv kameralari orqali topilgan. Nemolchi.uz ma’lumotiga ko‘ra, psixologik ekspertiza qizchada «jinsiy zo‘ravonlikdan keyingi alomatlarga o‘xshash stress» mavjudligini aniqlagan.

Noyabrda poytaxt sudlari matbuot xizmati Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida 6 yoshli qizaloqqa tegajog‘lik qilishda ayblanayotgan R.Sh.ga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilayotgani haqida xabar bergan edi.

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, 2022 yilning 22 dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yunusobod tuman sudi R.Sh. (1975 y.t.) ni Jinoyat Kodeksining 25- va 119-moddalari (Jinsiy ehtiyojlarni g‘ayritabiiy shaklda majburan qondirish) bilan jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topgan.

«Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 25-moddasi 4-qismi, 119-qismi asosida ushbu kodeksning 57-moddasini qo‘llagan holda 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi. Jazoni o‘tash umumiy tartibli koloniyalarda belgilandi», — deyiladi Oliy sud axborotida.

Qayd etilishicha, birinchi instansiya sudining qarori ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda apellyatsiya va protest keltirilishi mumkin.