Hindistonda ishlab chiqarilgan «Dok-1 Maks» dori vositalarining nojo‘ya ta’siri sabab O‘zbekistonda 20 nafar bola o‘tkir buyrak yetishmovchiligi tashxisi bilan vafot etdi. Buning ortidan O‘zbekiston davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi «Quramax Medisal» MCHJ hamda «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» MCHJ mas’ul shaxslariga jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

Keltirilishicha, «Quramax Medical» MCHJ tomonidan mamlakatga import qilingan ushbu preparatlar «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» MCHJ tomonidan laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilgan hamda ularga muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilgan.

Dastlabki tergov harakatlari davomida aniqlanishicha, «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» MCHJ mas’ul xodimlari tomonidan me’yoriy-huquqiy hujjat talablari qo‘pol ravishda buzilib, ushbu dori vositalari belgilangan tartibda laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilmagani natijasida sifatsiz preparatlarning sotuvga chiqarilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Jinoyat ishi doirasida «Quramax Medisal» MCHJning 2 nafar rahbar xodimi hamda «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» MCHJning 2 nafar mas’ul xodimi gumonlanuvchi shaxslar sifatida DXX Tergov hibsxonasiga tegishli tartibda joylashtirildi.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida «Quramax Medical» MCHJ tomonidan Hindistondan O‘zbekistonga import qilinayotgan dori vositalarining bojxona nazoratidan o‘tkazilishi to‘xtatildi hamda dorixonalardagi bunday preparatlar yig‘ib olindi. Hozirda bu boradagi tadbirlar davom etyapti.

«Quramax Medical» MCHJga tegishli dori vositalarining O‘zbekistonda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgani hamda sog‘liqni saqlash tizimidagi mutasaddi xodimlarning ushbu holat bo‘yicha amalga oshirgan harakatlarini tekshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.