2023 yildan boshlab Toshkent shahri va Navoiy viloyatida tibbiy sug‘urta tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda 4 yanvar kuni Sog‘liqni saqlash vazirligida o‘tgan hay’at yig‘ilishida aytildi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
Poytaxtda tibbiy sug‘urta joriy etilishi haqida prezident 2022 yilda parlamntga yo‘llagan murojaatnomada aytib o‘tgandi. Navoiy viloyatini esa vazirlik o‘ziga majburiyat sifatida jalb qildi.

Buning uchun:

  • bir oy muddatda tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish bo‘yicha qaror ishlab chiqiladi;
  • Toshkent shahridagi 72 ta poliklinika va 40 ta shifoxonani kompyuter jihozlari, zarur tibbiy uskunalar bilan ta’minlashga 30 mlrd so‘m yo‘naltiriladi;
  • 1 iyuldan tibbiy sug‘urta tizimi mexanizmlari joriy etiladi.

Bunda tibbiyot muassasalari to‘liq raqamlashtiriladi. Har bir bemor qachon, qayerda va qanday davolanishi haqida aniq ma’lumotga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, 2023 yilda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda yana 1 008 ta obyektda 4 427 kVt. quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatiladi.

«Tibbiyot muassasalarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida jami 437 ta dizel generatori xarid qilindi. Ularning barchasi yanvar-fevral oylarida joylarga yetkazib beriladi», — dedi vazir.

Hozir 107 ta tibbiyot muassasasiga 124 kVt quvvatga ega quyosh panellari, 4 400 litr hajmdagi quyosh suv isitish qurilmalari o‘rnatildi.

Sog‘liqni saqlash tizimiga ajratilgan mablag‘lar doirasida jami 425 ta (shundan 375 tasi mahalla tibbiyot punktlari hamda 50 tasi oilaviy shifokorlik punktlari hamda oilaviy poliklinikalar uchun mo‘ljallangan) 2 352 kVt quvvatga ega quyosh panellari xarid qilindi va ular joriy yilning birinchi choragida o‘rnatib, ishga tushiriladi. Hozirda vazirlikning ma’muriy binosiga 100 kVt quvvatga ega quyosh panellarini o‘rnatish ishlari ketyapti.