Qozog‘istonda Food Solutions KZ kompaniyasi tomonidan boshqariladigan tezkor ovqatlanish restoranlari tarmog‘i yetkazib berish cheklovlari tufayli McDonald’s brendi ostida o‘z faoliyatini to‘xtatdi, deb xabar berdi McDonald’s`ning Qozog‘istondagi matbuot xizmati.

Faoliyatning qayta tiklanishi va yangi nomdagi yangi fast-fud restoranlarini ochish muddati «yaqin vaqt ichida» e’lon qilinadi.

«Restoranlar tarmog‘i ochilgandan so‘ng tashrif buyuruvchilarga yuqori sifatli mahsulotlar, rang-barang menyu va mehmondo‘st xizmat taklif etiladi. Fast-fud restoranlari joriy yuqori standartlar, qadriyatlar va biznes tamoyillariga muvofiq ishlashda davom etadi», — deyiladi xabarda.

Qozog‘istondagi McDonald’s restoranlari faoliyati 18 noyabrdayoq to‘xtatilgan, bunga ham mahalliy yetkazib berishdagi cheklovlar sabab bo‘lgan.

Bloomberg agentligi vaziyatdan xabardor shaxslarga tayanib, arafasida McDonald’s Rossiya bozorini tark etgach, Qozog‘istondagi o‘z franchayzisiga Rossiyadagi etkazib beruvchilardan kotlet uchun go‘sht sotib olishni taqiqlaganini yozdi. Shu bilan birga, Qozog‘istonda McDonald’s bilan shug‘ullanadigan kompaniya go‘shtni mahalliy yoki yevropalik etkazib beruvchilardan xarid qila olmadi, chunki yuqori narxlar va transport xarajatlari biznesni zararga olib keladi.

Qozog‘istonda McDonald’s brendi ostidagi birinchi restoran 2016 yilda ochilgan. Hammasi bo‘lib, mamlakatda Olmaota, Ostona, Atirau, Aqto‘be, Qo‘stanay va Qarag‘andada 24 ta McDonald’s restorani mavjud edi.