Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida 3 yanvar kuni Nexia-2 avtomobili 4 nafar piyodani urib yubordi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.

Yakkabog‘ tumani «Alakuylak» MFYda yashovchi R.A. Nexia-2 avtomashinasini Toshkent-Termiz M-39 yo‘lida Shahrisabz tumanidan Yakkabog‘ tumani yo‘nalishida boshqarib borgan. Shu payt «Mevazor» MFY hududida yo‘lning chap tomonidan o‘ng tomoniga harakatlanib o‘tayotgan, Yakkabog‘ tumani «Navro‘z» MFYda yashovchilar — J.X., M.M., voyaga yetmaganlar Sh. S., Sh. X.ni urib yuborib, YTH sodir etgan.

Oqibatda uch fuqaro olgan tan jarohati tufayli voqea joyida halok bo‘lgan. Bir nafari jarohat olib, shifoxonada vafot etgan.

Holat yuzasidan Yakkabog‘ tumani ichki ishlar bo‘limi tergov bo‘linmasi tomonidan haydovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandiga (Odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Haydovchi R.A. tegishli tartibda ushlanib, unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.