2022 yilda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining avtoraqam.uzex.uz elektron savdo tizimida 304,1 mlrd so‘mlik 118 mingdan ziyod avtoraqamlar shaffof onlayn-auksionlar orqali sotildi, deya xabar qildi RTXB matbuot xizmati.

Tuzilgan bitta bitimning o‘rtacha qiymati 2,6 mln so‘mni tashkil etgan. Sotilgan avtoraqamlarning 91% jismoniy shaxslar, 9% — yuridik shaxslar tomonidan xarid qilingan. O‘tgan davrda sotilgan avtoraqamlarning eng past bahosi 494,9 ming so‘mni, eng qimmat avtoraqamning qiymati esa — 348 mln so‘mni tashkil qildi.

Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 5% birinchi toifadagi avtoraqamlar, 8% — ikkinchi, 8% — uchinchi, 11% — to‘rtinchi, 22% — beshinchi va 46% — oltinchi toifa avtoraqamlarga to‘g‘ri kelgan.

Hududlar kesimida eng ko‘p avtoraqamlar Toshkent shahri va Toshkent viloyati (31%) Samarqand va Qashqadaryo (8% dan), Namangan, Andijon va Surxandaryo (7% dan), hamda Xorazm (6%) viloyatlarida xarid qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avtoraqamlarni onlayn-auksionlarda sotilishidan kelib tushgan mablag‘larning 80% — Davlat budjetiga, 20% — Ichki ishlar vazirligining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va boshqa xarajatlar Maxsus jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.