Davlat xavfsizlik xizmatining xabar berishicha, noma’lum shaxslar tomonidan o‘zbek-tojik chegarasi yaqinida 26 kilogramm narkotik modda qoldirib ketildi.

Xizmatning Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari va Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari hamkorlikda tezkor-qidiruv tadbirlarini olib bordi. Natijada Bulung‘ur tumani hududidan o‘tuvchi o‘zbek-tojik davlat chegarasi yaqinida noma’lum shaxslar tomonidan qoldirib ketilgan 20 kilogramm 3 gramm opiy va 6 kilogramm 5 gramm gashish giyohvandlik vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246 (Kontrabanda) va 273-modda (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish)lari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu giyohvandlik vositalari egalarining shaxsiga aniqlik kiritish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ma’lumot uchun, yuqoridaga jinoyatni sodir etganlik uchun besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish (246-modda) va uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish (273-modda) jazosi belgilangan.