Samarqandda tartibni buzib, qoidalarni mensimagan haydovchiga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi, deya xabar bermoqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati.
Ma’lum qilinishicha, 31 dekabr kunidan 1 yanvar kuniga o‘tar kechasi soat 01:00 larda shaharning «Xo‘ja Ahror Valiy» ko‘chasida davlat raqam 01 L700 OA bo‘lgan Mercedes-Benz avtomobili haydovchisi R. A. (1987 y. t.) atrofdagi fuqarolar e’tiborini jalb etish maqsadida xavfli bo‘lishiga qaramasdan turli manyovrlar bilan driftlar bajargan.
«Jamoat joyida yurish-turish qoidalarini buzganligi yetmagandek, uni tartibga chaqirishga uringan xodimlarning ham qonuniy talablariga bo‘ysunmagan», — deyiladi xabarda.
Yuqoridagi holatlar bo‘yicha to‘plangan hujjatlar 3 yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi tomonidan o‘rganilib, fuqaro R. A.ning xatti-harakatlarida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-modda (Mayda bezorilik), 194-modda 1-qism (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) va 195-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish)da nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjud deb topildi.
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.
Unga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.