Prezident Shavkat Mirziyoyev televideniye orqali O‘zbekiston xalqiga Yangi yil tabrigini yo‘lladi.

Davlat rahbari o‘z tabrigi avvalida yurtdoshlarga erishilgan yutuqlar uchun minnatdorchilik bildirdi.

«2022 yilda mashaqqatli va jasoratli mehnatimiz bilan taraqqiyot yo‘lida muhim marralarga erishdik. Inson qadrini ulug‘lash, xalqimizni rozi qilish borasida yangi qadamlar qo‘ydik. Dunyodagi g‘oyat murakkab vaziyat, global inqirozga qaramasdan, O‘zbekiston iqtisodiyoti izchil rivojlanmoqda», — deya qayd etdi prezident.

«Mirishkor dehqon va fermerlarimiz fidokorona mehnat qilib, mo‘l hosil yetishtirdilar. Sanoat, qurilish, raqamli texnologiyalar, turizm sohalari jadal rivojlanmoqda. Shahar va qishloqlarimiz, butun yurtimiz har tomonlama obod bo‘lmoqda. Yangi ish o‘rinlari tashkil etilib, aholi daromadlari va hayot darajasi oshmoqda», — dedi u.

«Yoshlarimiz xalqaro maydonlarda iste’dod va mahoratini namoyon etib, Vatanimizni dunyoga tanitmoqda. Xalq ovozi bo‘lgan mahallaning hayotimizdagi o‘rni va ta’siri kuchaymoqda. Eng muhimi, yurtimizda tinchlik va barqarorlik, millatlar va dinlararo totuvlik hukm surmoqda. O‘zbekistonimizning jahon hamjamiyatidagi obro‘-e’tibori yuksalmoqda», — deya davom ettirdi Shavkat Mirziyoyev.

«Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili», deb nom berilgan 2023 yilda «insonni qadrlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan ishlarimizni yuqori bosqichga ko‘taramiz».

«Farzandlarimiz sifatli ta’lim va tarbiya olib, barkamol shaxs bo‘lishlari uchun boshlagan ishlarimizni izchil davom ettiramiz. Muhtaram faxriylarimiz, aziz ayollarimiz, shuningdek, yordamga muhtoj insonlar uchun munosib sharoit yaratish e’tiborimiz markazida bo‘ladi», — deya qayd etdi davlat rahbari.

«Ilm-fan, tibbiyot, madaniyat va san’at sohalari vakillarini, o‘qituvchi va murabbiylarni qo‘llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat qaratamiz. Muxtasar aytganda, jonajon Vatanimizda hech bir inson jamiyatimiz va davlatimizning mehri va e’tiboridan chetda qolmaydi. Buning uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz», — deya ishonch bildirdi Shavkat Mirziyoyev.