Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan barcha turdagi dori vositalarining savdosi vaqtinchalik to‘xtatildi. Bu haqda AOKAda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Qizlarxon Begmatova ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, «Dok-1 Maks» dori vositasining savdosi 2022 yil 22 dekabrdan vaqtincha to‘xtatilgan bo‘lib, «QURAMAX MEDIKAL» MCHJga realizatsiya qilingan dorixonalardagi qoldiq dori vositalarini qaytarib olish hamda dorixonalarga mazkur dori vositasini yetkazib beruvchi distribyutorga zudlik bilan qaytarish choralarini ko‘rish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma berilgan. Hamda ushbu dori vositalari respublikadagi barcha dorixonalardan tezkorlik bilan yig‘ib olingan.

Begmatovaning ta’kidlashicha, 30 dekabrdan Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan barcha turdagi dori vositalarining savdosi vaqtinchalik to‘xtatildi.

«Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan „Dok-1 Maks“ dori vositasi tarkibida qo‘shimcha yot moddalar aniqlanganligi bois, hozirda ushbu ishlab chiqaruvchining boshqa mahsulotlarida ham ham xuddi shunday holat kuzatilish ehtimolini inobatga olgan holda, kompaniyaning boshqa mahsulotlari ham chuqur laborator tekshiruvlaridan o‘tkazilmoqda», — dedi u.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi ulgurji tashkilotlardan Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan «Ambronol» yo‘tal siropini qaytarib olishni so‘radi. Bu haqda agentlik rahbari Sardor Qoriyevning 29 dekabrdagi xatida aytiladi. Xatning haqiqiyligini «Gazeta.uz»ga davlat organi tasdiqladi.

Agentlik huzuridagi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikasini ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston hududiga olib kirilayotgan va muomalada bo‘lgan AABZ2204 seriyali «Ambronol» siropi (15 mg/5 ml, 100 ml) «normativ hujjatlar talablariga javob bermasligi» aniqlangan.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 18 dekabrdagi qaroriga asosan Farmatsevtika agentligi dori vositalari va tibbiyot buyumlarining zararli ta’siri aniqlangandan keyin ularni ishlab chiqarish, tayyorlash, olib kirish va sotishni belgilangan tartibda to‘xtatib turishni ta’minlaydi.

Shu munosabat bilan agentlik ulgurji farmatsevtika tashkilotlaridan dori vositalarini sotishni to‘xtatishni, uni dorixonalardan qaytarib olish choralarini ko‘rishni, dorixonalardan esa «Ambronol»ni zudlik bilan distribyutor-yetkazib beruvchiga qaytarib berishni va ko‘rilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida bir kun muddatda hisobot berishni so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, Hindiston hukumati «Dok-1 Maks» dori vositasini ishlab chiqargan Marion Biotech kompaniyasiga qarshi surishtiruv boshlagandi. Surishtiruv Uttar-Pradesh shtatidagi Narkotiklarni litsenziyalash va nazorat qilish boshqarmasi tomonidan olib borilayapti.