AOKAda 29 dekabr kuni Onalik va bolalikni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Sevara Ubaydullayeva ishtirokida o‘tkazilgan brifingda «Dok-1 Maks» kabi boshqa siroplar tarkibi ham chuqur o‘rganilayotgani ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, fuqarolardan shifokorlar ko‘rsatmasisiz, uy sharoitida, o‘zboshimchalik bilan turli siroplardan foydalanmasliklari so‘raladi.

«Farzandingizda har qanday kasallik alomatlari kuzatilsa, oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinikaga, pediatr yoki tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat eting. Chunki shifokorlar har bir dori vositasi tarkibini chuqur o‘rganib, so‘ng bolalarning yoshi, vazni va boshqa ko‘rsatkichlarini inobatga olgan holda, zarur muolajalarni tavsiya qiladi», — dedi mutaxassis.

Shuningdek, u bolalar orasida shamollash, diareya va tana harorati ko‘tarilishi kuzatilganida «Dok-1 Maks» siropidan foydalanilgani, endi uning o‘rniga qaysi dori vositalaridan foydalanish borasida tavsiya berdi.

«Bolalar orasida shamollash, diareya va tana harorati ko‘tarilishi kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat eting yoki tez tibbiy yordamga qo‘ng‘iroq qiling. Shifokor tavsiyasisiz hech qanday dori vositalarini qabul qilmaslikni so‘raymiz», — dedi Sevara Ubaydullayeva.

«Shifokor uyga kelguniga qadar bolaga ko‘p miqdorda suyuqlik ichiring. 5 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar kuniga 1−1,5 litr suyuqlik, masalan, 1 litr qaynatilgan suvga 1 choy qoshiq shakar va 1 choy qoshiq tuz qo‘shib, ilitilgan holda, kam-kamdan iste’mol qilishi tana harorati tushishiga yordam beradi», — dedi u.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, diareya va shamollash alomatlari kamayib, peshobdan turli toksinlar yoki viruslar chiqib ketishi kuzatiladi. Eng muhimi, bolalarda qon quyulishi va suvsizlanishning oldi olinadi. Bu esa o‘tkir buyrak yetishmovchiligiga barham bo‘ladi.