Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlarining gaz ta’minotini yaxshilash uchun 95 kilometr uzunlikdagi «Yangiyer-Ohangaron» magistral gaz quvuri qurilmoqda, deya xabar qildi Energetika vazirligi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda obyekt qurilishi uchun 47 kilometrdan ortiq quvur olib kelingan va 6 kilometr qismi montaj qilingan. Yangi magistral gaz quvuri 2023 yilning uchinchi choragida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

«Gaz quvuri ishga tushgach, vodiy viloyatlarining gaz ta’minoti yanada yaxshilanishiga erishiladi», — deyiladi vazirlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Turkmanistondan tabiiy gaz importini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Shartnomaga ko‘ra, uch oy ichida 1,5 mlrd kub metrga yaqin gaz import qilinishi rejalashtirilgan, bu esa qish mavsumida taqchillikni qoplashga yordam berishi ma’lum qilingan.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakat kuniga o‘rtacha 15 mln kub metr gaz import qiladi. Yana qo‘shimcha 20 mln kub metr gaz yetkazib berilishi qish mavsumida gaz taqchilligini qoplaydi.