Termiz xalqaro aeroporti rekonstruksiya qilingandan so‘ng yana ishga tushirildi, deya xabar qilmoqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

26 dekabr kuni aeroport birinchi reysni qabul qildi. Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Toshkent — Termiz yo‘nalishi bo‘yicha HY-65 reysi, bortida 146 nafar yo‘lovchilar bilan, mahalliy vaqt bilan soat 08:15 da Termiz aeroportiga kelib qo‘ndi.

55 kunlik tanaffusdan so‘ng Termiz xalqaro aeroporti samolyotlarni qabul qilish va jo‘natish uchun yana ochildi. Qayta qurish doirasida uzunligi 3000 metr va eni 60 metr bo‘lgan yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi, yurish yo‘laklari va uchta samolyot to‘xtash joyi uchun perronni o‘z ichiga olgan, yangi 4E toifali aerodrom majmuasi qurildi.

Shuningdek, aerodromga zamonaviy CAT-I ICAO yoritish uskunalari tizimi, meteorologik va radionavigatsiya qo‘nish tizimlari o‘rnatilgan. Yangi aerodrom majmuasini qurish loyihasi 550 milliard so‘mga baholanmoqda. Ayni paytda 377 milliard so‘mlik ishlar bajarilgan. Loyihaning yakuniy bosqichi — uchta samolyot turar joyi va ikkinchi yurish yo‘lagi 2023 yilning apreligacha yakunlanishi rejalashtirilmoqda.

Termizdagi yangi aerodromning uchish-qo‘nish yo‘lagi betondan qurilgan.

Eslatib o‘tamiz, Termiz aeroporti yangi aerodrom majmuasini foydalanishga topshirishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani munosabati bilan 1 noyabr kuni yopilgan va parvozlar vaqtincha respublikaning boshqa xalqaro aeroportlariga yo‘naltirilib kelingan edi. Aeroport terminali ham rekonstruksiya qilinib, 2019 yilda foydalanishga topshirilgan.