Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlisida O‘zLiDeP deputati Rasul Kusherbayevga kelasi yilgi davlat budjeti loyihasi yuzasidan savol berish imkoniyati berilmagani aks etgan video tarqaldi.

Videoda tasvirlangan voqealar 19 dekabr kuni 2023 yilgi davlat budjeti va 2022 yilgi davlat budjeti xarajatlarini oshirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qilish chog‘ida bo‘lgan.

Deputat yig‘ilishga raislik qilgan parlament quyi palatasi spikeri o‘rinbosari, O‘zXDP yetakchisi Ulug‘bek Inoyatovdan so‘z berishni so‘ragani, biroq uning iltimosi e’tiborga olinmaganini aytgan.

расuл кuшербаев, qonunчилик palatasi

Ulug‘bek Inoyatov

Videoda Kusherbayev qo‘lini ko‘tarib, o‘rnidan turgani, hamkasblariga va atrofga qarab, unga savol berishga imkon berilmaganini aytganini ko‘rish mumkin. U o‘rnidan turganida esa bir kishi oldiga kelib, nima muammo ekanligini so‘ragan. Deputat nega so‘zga chiqish imkoni berilmasdan turib loyiha ovozga qo‘yilganini ta’kidlagan.

«Turib aytaman hozir, nega so‘z bermaydi, tushunmadim. Bunday yig‘ilishning nima keragi bor? Men kun tartibidagi savolni bermoqchiman, nega ovozga qo‘yib yuborishdi? Kechirasiz, men so‘z so‘ragandim, nega so‘z bermayapsiz?» — deya baland ovozda so‘ragan deputat.

Hech qanday javob eshitmagan Rasul Kusherbayev: «Men ketdim… Bunday yig‘ilishda o‘tirgandan o‘tirmagan yaxshi. Men ketaman. Hammasi yasama, so‘z bermaydi». Shundan so‘ng u videoyozuvni o‘chirgan.

Oradan bir necha kun o‘tib, 23 dekabr kuni Rasul Kusherbayev deputatlik faoliyatini yakunlashini e’lon qilgandi. «Bunday ishlay olmas ekanman. Bunga majbur bo‘lganimdan afsusdaman», — deya yozgandi u.

«Gazeta.uz» Qonunchilik palatasi 2023 yilgi davlat budjetini 3 soatdan kam vaqt ichida (3 o‘qishda) muhokama qilgani va tasdiqlagani haqida yozgandi. Qonun loyihasining o‘zi salkam bir hafta oldin quyi palataga kiritildi va jamoatchilik muhokamasiga ham taqdim etilmadi. Hujjat deyarli bir ovozdan, tanqidlarsiz qabul qilindi.