«Toshshahartransxizmat» elektrobus haydovchisi yo‘lovchilar bilan qo‘pol muomalada bo‘lgani aks etgan video yuzasidan ma’lumot berdi.

23 dekabr kuni yuz bergan holat yuzasidan «Toshshahartransxizmat» Harakat xavfsizligini nazorat qilish bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor surishtiruv ishlari o‘tkazilganda, mazkur holat «1-Avtobus saroyi» filiali tasarrufidagi saroy raqami 005, davlat raqami 01 719 OJA bo‘lgan 81-sonli avtobus yo‘nalishi haydovchisi B. S. tomonidan sodir etilgani aniqlandi.

Yo‘lovchiga nisbatan muomala madaniyatiga rioya qilmagani va ichki tartib qoidalarini buzgani uchun haydovchiga nisbatan «1-Avtobus saroyi» filiali rahbariyati tomonidan qat’iy chora ko‘rilib, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

«Toshshahartransxizmat» fuqarolardan yuqoridagi kabi holatlar kuzatilgan taqdirda 1062 ishonch raqamiga va info@tashbus.uz orqali murojaat qilishlari hamda avtobus haydovchisi yoki chiptachisi amalga oshirayotgan qoidabuzarlikni suratga olib, avtobus raqamini yuborishlarini so‘radi.