2023 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda hukumatga bo‘ysunuvchi mustaqil ijro etuvchi hokimiyat organlari soni 61 tadan 28 taga qisqartiriladi. Shu bilan birga, vazirliklar soni 25 tadan 21 taga qisqartiriladi, 20 ta idora to‘liq tugatiladi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 21 dekabr kuni imzolangan farmon va qarorida nazarda tutilgan, deya ma’lum qildi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov. Prezident yaqinda parlamentga yo‘llagan murojaatida davlat organlarini optimallashtirish rejalarini ma’lum qilgan edi.

Farmonga muvofiq, «adolatli mehnatga haq to‘lash tizimi» joriy etilgan holda ijro hokimiyati organlari xodimlari, shu jumladan, boshqaruv apparati xodimlari eng ko‘p 30 foizga qisqartiriladi.

Mazkur qarorga muvofiq shtat birliklarini optimallashtirish natijasida ajratilgan mablag‘lar ijtimoiy muammolarni hal qilishga yo‘naltiriladi, deyiladi hujjatda.

Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarining birinchi bosqichi doirasida 1 yanvardan boshlab ixcham, professional boshqaruv tamoyillariga asoslangan va samaradorlikka yo‘naltirilgan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalarni o‘z ichiga oladigan yaxlit tizimini shakllantiriladi.

Vazirlar Mahkamasi tizimi quyidagi vazirliklar tashkil etadi:

  • Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi;
  • Iqtisodiyot va moliya vazirligi;
  • Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi;
  • Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi;
  • Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi;
  • Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi;
  • Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi;
  • Tabiat resurslari vazirligi;
  • Yoshlar siyosati va sport vazirligi;
  • Qishloq xo‘jaligi vazirligi;
  • Suv xo‘jaligi vazirligi;
  • Raqamli texnologiyalar vazirligi;
  • Adliya vazirligi;
  • Transport vazirligi;
  • Madaniyat va turizm vazirligi;
  • Mudofaa vazirligi;
  • Energetika vazirligi;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi;
  • Tashqi ishlar vazirligi;
  • Ichki ishlar vazirligi;
  • Favqulodda vaziyatlar vazirligi.