Toshkentda Lacetti Cobalt`ga urilishi oqibatida voyaga yetmagan shaxs vafot etdi, deya xabar bermoqda poytaxt IIBB matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 18 dekabr kuni taxminan soat 17:30 larda Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasida 1983 yilda tug‘ilgan U.T. boshqaruvidagi Lacetti yo‘l chetidan orqaga harakatlanayotgan 1960 yilda tug‘ilgan M.A. boshqaruvidagi Cobalt bilan to‘qnashgan.

YTH oqibatida Lacetti haydovchisi U.T., Cobalt haydovchisi M.A. va yo‘lovchisi 2011 yilda tug‘ilgan M.M. olgan jarohatlari sabab tibbiy muassasaga olib borilgan. Biroq tibbiyot xodimlarining sa’y-harakatlariga qaramasdan 2011 yilda tug‘ilgan M.M. vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.