Deputatlik faoliyatini yakunlashini e’lon qilgan Rasul Kusherbayev Qalampir.uz`ga intervyu berdi.

Qarorini sharhlar ekan, u «ayrim idoralar» va «ayrim rahbarlar»ning parlament hamda deputatlarga bo‘lgan munosabatidan juda xafa ekanini aytdi.

«Prezidentimiz parlament bu — demokratiya maktabi degan. Bu yerda odamlar demokratiya nimaligini o‘rganishi kerak, yoshlar kelib bahs-munozaralarni ko‘rsin, degan. Xalqning manfaati yo‘lida xizmat qiladigan qonunlar qabul qilinishi kerak bo‘lgan joy, degan. Qonunlar qabul qilishda har doim u qonun xalqni foydasiga xizmat qiladimi yoki zararigami, shuni inobatga olinglar, degan», — dedi Rasul Kusherbayev.

«Shuncha gaplardan keyin ham boshqa idoralarning, ayrim amaldor rahbarlarning deputatlarga, parlamentga munosabati bunday saqlanib qolayotganidan juda ham afsusdaman. Qattiq xafaman parlamentga bunday munosabat bo‘layotganidan», — deya so‘zlarini qaytardi deputat.

«Davlat rahbari qayta-qayta chiqishlarda takrorlayapti, lekin amalda boshqalarning munosabati o‘zgarmayapti, to‘g‘risi. Bunaqa joyda ishlash qiyin», — dedi Kusherbayev.

Undan intervyu olgan jurnalist deputatning kayfiyati uni «fuqaro sifatida» qo‘rqitayotganini aytgan.

«Qo‘rqmanglar, nega qo‘rqasiz. Shunchaki, ko‘p ishlarimizning foydasi bo‘lmayapti. O‘zgarish yo‘q», — deya javob bergan u.

Deputat yaqin kunlarda ishdan ketishini tasdiqladi. «Shuning uchun yaqin kunlarda ishdan ketmoqchiman. Shunga qaror qabul qildim. Boshqa yo‘li qolmadi».

«Hozir nima qilib yuribmiz. O‘zgarishlar bo‘lishini xohlayapmiz. Lekin ko‘p joylarda ikkiyuzlamachilik bo‘lib yotibdi. Asosiy aybdor o‘zimiz. Ayb o‘zimda. O‘zimda eng ko‘p kamchiliklar bor. Shu sharoitga moslasholmadim», — dedi Rasul Kusherbayev.

«Bunaqa ishlar bo‘layotganini yonida turib kuzatish va chidash qiyin. Haqiqiy azob. Buni keyin tushunib yetarsizlar. Rahmat», — dedi u.