Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida olis hududlardagi maktablar harbiy prokuratura idoralariga biriktirilib, prokurorlik soatlari tashkil etiladi. Bu haqda juma kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda aytildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Harbiy prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar hisoboti bilan tanishdi. O‘zbekiston Harbiy prokuraturasi Qurolli Kuchlarda va harbiy tuzilmalarda qonunlarga rioya etilishini nazorat qiladi.

maktablar, olis ҳудудлар, harbiy прократура

Xabar qilinishicha, joriy yilda 1100 ga yaqin prokuror nazorati hujjati qo‘llanilib, 261 ta hujjat qonunga muvofiqlashtirilgan. 7858 nafar shaxsning huquqi tiklangan. 654 nafar harbiy xizmatchining oila a’zolari ish bilan ta’minlangan.

Qurolli Kuchlarda qurilish dasturiga kiritilgan obyektlarning loyiha-smeta hujjatlari nazorat tartibida ko‘rib chiqilib, 23 mlrd so‘mdan ziyod budjet mablag‘lari iqtisod qilinishiga erishilgan. Harbiy prokuror protestlariga asosan sudlarning 10 ta qarori qonunga muvofiqlashtirilib, 6 nafar shaxs oqlangan.

Fuqarolarning 2 mingga yaqin murojaatlari ko‘rib chiqilib, 254 tasi qanoatlantirilgan. Shuningdek, sayyor qabullarda 3200 nafar shaxs qabul qilinib, aniqlangan muammolarini hal etish choralari ko‘rilgan.

«Harbiy prokuratura bu borada qonun himoyachisi, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishda faol targ‘ibotchi bo‘lmoqda», — deyiladi xabarda.

Qayd etilganidek, harbiy xizmatchilarga Qurolli Kuchlar hamda boshqa sohalardagi islohotlar, qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlari va davlat dasturlarining mazmun-mohiyatini izchil yetkazishga alohida e’tibor qaratiladi.

Davlat rahbari Harbiy prokuratura faoliyatini raqamlashtirish, inson manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.