Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevning deputatlik faoliyatini yakunlashini e’lon qilgani ortidan xalq deputatlari Uchtepa tuman Kengashi deputati Nuriddin Zaynitdinov ham xuddi shunday qarorga kelganinini ma’lum qildi. «Gazeta.uz» bilan suhbatda u qarori yakuniy ekanini ta’kidladi.

«Do‘stimiz, deputat Rasul Kusherbayev bilan bo‘lgan holatni qoralayman. Qachongacha deputatlar og‘zini yopish, qasddan ularni pozitsiyasini bildirishiga qarshiliklar bo‘ladi?

Deputatlarni bosim bo‘lsa, hamma jim…

Deputatlarni qamamoqchi bo‘lsa, hamma jim…

Deputatlarni taqib qilsa, hamma jim…

Mahalliy Kengash deputatlari daxlsizligi bir tuman bilan chelansa, xamma jim…

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatga kafolatlangan so‘z berilmasa, xamma jim…

Gapirma!

Indama!

Aralashma!

Qachongacha bundan gaplarni eshitamiz?! Deputatning gapirishdan boshqa nimasi qolmoqda? Endi shungayam yo‘l berilmasa…

Hullas Rasul Kusherbayevni to‘liq qo‘llab qo‘vatlayman. Deputat bo‘lib, emin-erkin deputatlik qilolmaydigan sharoitda ishlab bo‘lmaydi. 2022 yilni o‘zida 2−3 marotaba menga bo‘lgan bosimlar va noqonuniy ishlarni aybdorlariga shu kungacha chora ham ko‘rilmadi.

Oilamgacha, qarindoshlarimgacha ta’qib va bosim qilishga borishdi… Men ham mahalliy Kengash deputatligidan ketishga qaror qildim. Bu qaror vaqt masalasi edi…", — deb yozadi u.

«Gazeta.uz» bilan qisqa suhbatda deputat doimiy stressdan juda charchaganini tan oldi. «Oilamga kerakman», dedi u.

«Deputat bo‘lib o‘zimni hech o‘ylamaganman. Besh yildan beri faqat xalq manfaati deb ishladik. Biror naf uchun emas. Lekin vaziyat yomonlashib ketmoqda. O‘zgarish yo‘q. Kengashlar ajraladi, deyildi, ajralish yo‘q (gap hokimlar va Kengashlar vakolatlarini taqsimlash haqida ketyapti — tahr.)», — dedi Nuriddin Zaynitdinov.

Kuzda Nuriddin Zaynitdinov bir necha deputatlik tekshiruvlar o‘tkazgani ortidan unga «siyosiy buyurtma» bilan provokatsiya uyushtirilayotganini ma’lum qilgandi.

O‘tgan yilning bahorida Andijon viloyati Kengashlari deputatlari prezidentga murojaat qilib, deputatlarga mansabdor shaxslar tomonidan bosim o‘tkazilayotganini aytishgandi, kengashning «qonunga zid» qarorlaridan noroziligini bildirib, fuqarolarning daxlsizligi buzilganidan shikoyat qilgan edi.