Qashqadaryo viloyatida tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i pora bilan ushlandi, deya xabar bermoqda viloyat prokuraturasi matbuot xizmati.

Fuqaro S.Q.ning ariza yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qarshi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i M.M. birlashmada katta hamshira lavozimida ishlovchi S.A. orqali fuqaro S.Q.ni ishga qabul qilish evaziga 500 dollarni pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan departamentning viloyat boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari Qarshi tuman prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.